Sport | 22:42 / 06.07.2019
6514
2 daqiqa o‘qiladi

Universiada-2019. O‘zbekiston delegatsiyasi uchinchi medaliga ega bo‘ldi

Italiyaning Neapol shahrida yozgi Universiada o‘yinlari davom etmoqda. Dzyudo bo‘yicha musobaqalarning uchinchi kunini ham o‘zbekistonlik sportchilar medal bilan yakunlashdi. 

O‘zbekiston delegatsiyaga navbatdagi medalni o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, kattalar orasida Osiyo chempioni Diyora Keldiyorova taqdim etdi. 

«Bugun -52 kg vazn toifasida o‘tkazilgan bahslarda ishtirok etgan Keldiyorova musobaqadagi ishtirokini ikkinchi davradan boshlab, dastlab litvalik Gintaut Marsilionitni mag‘lubiyatga uchratdi. Uchinchi davra bellashuvida koreyalik Da Sol Parkka imkoniyatni boy berib qo‘ygan Keldiyorova bronza medali uchun kechgan o‘tish bahslarida Braziliya, Portugaliya va Mo‘g‘uliston vakillaridan ustunlik qildi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda germaniyalik Annika Vurfelni mag‘lubiyatga uchratgan Diyora universiadaning bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yana bir e'tiborli jihati, aksariyat raqiblarini yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etgan dzyudochi qizimizning chiqishlarini tribunada o‘tirgan tomoshabinlar olqishlar bilan kuzatib borishdi. 

Birozdan so‘ng, yana bir yurtdoshimiz bugun mutlaq vazn bahslarida ishtirok etayotgan polvonimiz Davlat Bobonov uchinchi o‘rin uchun ozarbayjonlik Rustam Kotsoyevga qarshi tatamiga chiqadi. Ushbu sportchimizdan ham g‘alaba kutib qolamiz», deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid