O‘zbekiston | 21:02 / 08.07.2019
12437
2 daqiqa o‘qiladi

Senator: «Yerlar zaxirada turibdi, sho‘rlanyapti, odamlar esa yer qidirib sarson» 

Oliy Majlis Senatining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan hisobotlar sessiyasi doirasida Agrar, suv xo‘jalik masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, respublika bo‘yicha tuman/shahar hokimliklari zaxirasiga olib qo‘yilgan, mavjudligi haqida aholiga ma'lumot berilmagan yer maydonlari mavjud. Xususan, Jizzax viloyatida umumiy yer maydonining 10 foizi tuman hokimlarining zaxira fondiga o‘tkazib qo‘yilgan. Ular yaylovlar, lalmi, sug‘oriladigan ekin yerlar, bo‘z yerlar, pichanzor, ko‘p yillik daraxtlar va boshqa yerlardan iborat. Yerlarning o‘z vaqtida foydalanishga berilmasligi, meliorativ holatining yomonligi, suv tarmoqlarning yo‘lga qo‘yilmagani bois bu yerlar sho‘rlanishga yuz tutgan. Aholining esa zaxiradagi yerlar haqida ma'lumot yo‘q.

«Egasi yo‘q 217 mingdan ortiq yer zaxirada turibdi. Yer izlab, sarson bo‘lib yurganlar qancha. Aholining xabari yo‘q, zaxirada yer turganidan. Aslida OAV orqali ma'lumot berilishi kerak. Bu faqatgina Jizzaxda emas, butun Respublikada mavjud salbiy holat», ─ deydi senator, Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.

Shuningdek, brifingda ma'lum qilinishicha, respublika bo‘yicha mavjud 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydonining atigi 7 foizi, ya'ni 328 ming gektarida tejamkor sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan. Sug‘oriladigan umumiy yerlarning 42,897 gektarida, ya'ni bir foizida tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa suvdan noto‘g‘ri foydalanilishiga sabab bo‘lmoqda.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid