Abituriyent-2019. Navbatlar va tiqilinchlar davom etmoqda. DTM vaziyat bo‘yicha izoh berdi
O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalarida kun o‘tgan sayin qabul jarayoni o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Hujjat topshiruvchi abituriyentlar soni esa kundan-kunga oshib bormoqda.
Yaqinda saytimiz orqali «Qabul–2019. Navbatlar va to‘lov kassalari» sarlavhali maqolamizda Toshkentdagi bir qancha OTMlarda qabul jarayonining borishi, kiritilgan yangiliklar, hujjat topshirishga va to‘lov kassalariga uzun navbatlar haqida so‘z yuritgan edik. Shundan so‘ng qabul jarayoniga mas'ul tashkilotlar tomonidan yuzaga kelgan muammo bartaraf etilishiga umid qilgan edik. Ammo…
Tahririyatimizga butun respublika bo‘ylab qabul jarayonida yuzaga kelayotgan navbatlar bo‘yicha murojaatlar kelishi davom etmoqda. Soddalashtirilgan tizim yaratilganiga qaramay, kutilgan natijaga erishilmagani sababini bilish maqsadida yana bir bor Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘ldik.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Navbatlar, tiqilinchlar va tushunmovchiliklar ko‘paysa ko‘paygan, lekin kamaymagan. Qabul jarayoniga mas'ullar ham bu holatdan noroziliklarini bildirishdi. Ularning e'tirozicha, bu tartibsizlik va navbatlar vujudga kelishiga OTM aybdor emas. Ya'ni, OTM tomonidan qabul jarayoniga yetarlicha sharoitlar qilgan. Kompyuterlar va operatorlar ham yetarli. Faqat abituriyentlarning ma'lumotlarini DTM serveriga kiritishda uzoq vaqt uzilish kuzatilyapti. Masalan, bugun ertalab server 1 soatcha ishlagan keyin umuman ulanishning iloji bo‘lmagan. Buning natijasida esa soat 8:00da navbat olgan abituriyent soat 13:00gacha navbatini kutib qolyapti. Abituriyent va ota-onalar issiqda qolib ketishmoqda. Agar server yaxshi ishlab tursa navbatlar hosil bo‘lmagan bo‘lar edi.
Shundan so‘ng ota-onalar va abituriyentlarning fikrlari bilan qiziqdik.
«Ertalab kelganmiz. Shu issiqda navbatga turishning o‘zi bo‘lmaydi. Tizim yangilandi, soddalashtirildi degani shumi? Bizning ham bola-chaqamiz bor. Odamlarning ustidan kulishmi bu?» deydi hujjat topshirishga kelganlardan biri.
Haqiqatdan ham havo harorati juda issiq kunda bu navbatlarga odamning asabi dosh berishi qiyin. Respublikaning ko‘plab OTMlarida xuddi shunday vaziyat kuzatilmoqda. Mas'ullar viloyatlardan yuborilgan, tiqilinch va navbatlar tushirilgan suratlarni ham ko‘rsatishdi. Bularga sabab qilib esa DTM markazi server ertalab 1 soatcha ishlagani, shundan so‘ng aloqa umuman uzilgani aytilmoqda.
Muammo-server ishlamasligida
Bir qator savollar tug‘ildi. Hujjat topshirish oxirlashgani sayin abituriyentlar soni yanada ko‘payadi. Bu tabiiy hol.
DTM markazi yetarlicha texnika bazasi bilan ta'minlanganmi? Serverdagi uzilish va qotib qolishlarga sabab nima? Shu va boshqa savollar bilan DTM markazi eshigini taqillatdik.
DTM test sinovlarini dasturiy texnik ta'minot bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qildi.
«Xabaringiz bor, bu yildan abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Onlayn tashkil etilgan qabul jarayoni davomida dasturda ba'zi uzilishlar sodir bo‘ldi. Lekin shu zahoti bu kamchiliklar bartaraf etilgan. Qabul onlayn tashkil etilgani, bundan tashqari Davlat xizmatlari agentligi ham aynan mana shu dastur orqali hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazayotgani, buning natijasida 4500 nafardan ortiq operator bilan ishlayapmiz. Taqqoslash uchun, avvalgi yillarda operatorlar soni 1500-1800 nafar bo‘lgan. Yana bir sabab esa abituriyentlarning asosiy qismi qabul haftasining oxirgi kunlarida hujjat topshirishidir. Bugun kun yarmigacha 40 mingdan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Kunning qolgan qismida yana shuncha abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazilishini prognoz qilib turibmiz. Ertadan esa abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni kuniga 100 ming nafardan reja qilyapmiz. Bu ham abituriyentlar uchun noqulayliklar keltirib chiqaryapti. Navbatlar muammosidan xabarimiz bor. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan bu masala ustida ish olib boryapmiz. Qabul soatlarini uzaytirish va oxirgi abituriyentgacha ishlashni rejalashtiryapmiz. Bu yildan dasturga ba'zi bir o‘zgartirishlar kiritilgan. Oldingi yillari ham ushbu dastur ishlagan, lekin biroz boshqacha bo‘lgan. Ya'ni, abituriyentdan hujjat olish jarayoni dasturga kiritish bilan bog‘liq bo‘lmagan. Bundan tashqari, bu yildan ushbu dastur Ichki ishlar vazirligining pasport tizimiga bevosita ulangan. Bu yildan to‘lov joriy qilingan bo‘lib, banklararo tizim ham bizning dasturga ulangan. Demak, bizning dastur bir vaqtning o‘zida uchta markaz bilan bog‘langan holda ishlamoqda. Buning natijasida to‘xtalishlar kuzatilyapti, lekin uzilishlar bo‘lgani yo‘q. Bu yil abituriyentlar soni 1 milliondan ortiq bo‘lishi prognoz qilingan. Shunga yarasha texnika va tarmoq uskunalari xarid qilingan. Lekin bu birinchi yil bo‘lgani uchun muammolar kuzatilmoqda, qolaversa, bizning tarmoq bir vaqtning o‘zida boshqa markazlar bilan ulangan holda ishlayapti. Hozirda Axborot vazirligi xodimlari va UzTelecom xodimlarini jalb qilganmiz. Yuzaga kelgan muammodan xabarimiz bor. Uzilishlar va qotib qolishlar tez soatlarda bartaraf etilishiga va'da beramiz», deydi texnik ta'minot bo‘limi boshlig‘i.
Demak, DTM markazi ham yuzaga kelgan muammodan xabardor. Ular muammoni bartaraf qilish mumkinligini, buning uchun barcha sharoitlar yetarli ekanini aytishmoqda. Va'da olindi. Muammo bartaraf qilinishiga umid bildirib qolamiz. Chunki qabul jarayonidagi holat abituriyentlarga test sinovlaridan oldin salbiy ta'sir o‘tkazishi ham mumkin. Ayniqsa, yoz o‘rtasida kuzatilayotgan havo harorati hisobga olinsa.
Kun.uz qabul jarayonlaridagi holatlarni respublika kesimida kuzatishda davom etadi.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
10:55 / 16.10.2021
DXX akademiyasi bakalavriatiga qabul boshlandi
21:17 / 13.10.2021
Prezident Kun.uz reportajida yoritilgan mahalla va maktabni e'tirof etdi
12:27 / 21.09.2021
Abituriyentlar tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnomalarni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
10:18 / 10.09.2021