Jahon | 22:05 / 13.07.2025
4867
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada migrantlar hujumi sabab tartibsizliklar boshlandi

Torre-Pacheko shahrida migrantlarning keska erkakka hujumi sabab ommaviy tartibsizliklar yuzaga keldi. Politsiya hujum ishi bo‘yicha bir kishini hibsga oldi.

Foto: laverdad.es

Ispaniyaning Mursiya provinsiyasidagi Torre-Pacheko shahri ko‘chalarida ikki kundan beri mahalliy aholi va migrantlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bermoqda. La Verdad’ning yozishicha, shahardagi vaziyat «poroxli bochka»ni yodga solyapti.

EFE ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida kamida besh kishi jarohat olgan, ularning uch nafari shifoxonaga yetkazilgan.

Tartibsizliklar 11 iyul kuni boshlangan va unda 500 ga yaqin odam ishtirok etgan. Norozilik namoyishiga ertalab o‘z uyi atrofida aylanib yurgan 68 yoshli erkakka uyushtirilgan hujum sabab bo‘lgan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, unga bir nechta shaxs hujum qilgan — ular marokashliklar ekani taxmin qilinmoqda. Erkakning aytishicha, barchasi tez va ogohlantirishsiz ro‘y bergan. «Ular boshqa tilda gaplashishdi. Agar ular «soatingni ber» yoki shunga o‘xshash biror gap aytganida, men tushunardim. Ammo ular hech narsa demadi», — deydi jabrlanuvchi erkak.

Migrantlarga qarshi namoyishlar 12 iyul kechqurun ham davom etdi. Hukumatning Mursiyadagi vakili Mariola Gevaraning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda politsiya hujum ishi bo‘yicha bir kishini hibsga olgan. U tergov yakunida hibsga olinadigan soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

El Pais’ning qayd etishicha, radikallar keksa erkak bilan yuz bergan voqeani migrantlar bilan bog‘liq jinoyat va zo‘ravonlik o‘sib borayotganiga bog‘lashi va hukumatni ko‘chalarda xavfsizlikni ta’minlay olmayotganlikda ayblashi mumkin. Torre-Pacheko meri Pedro Anxel Rokaning ma’lum qilishicha, namoyishlarda shahar aholisi bo‘lmagan, ataylab vaziyatni murakkablashtirish uchun kelgan odamlar ham ishtirok etmoqda.

Mursiya rahbari Fernando Lobes Miras hujumga aloqador barcha javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid