Zelenskiy ofisida tintuv o‘tkazildi
Ukraina tergovlar davlat byurosi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ofisida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda kuch tuzilmalaridagi manbaga iqtibos keltirgan holda “Glavkom” nashri xabar berdi.
Tergovchilar majlislar bayonnomalari yuritilishi bilan qiziqishgan va Pyotr Poroshenko prezidentligi vaqtida bu xonalarda maxfiylik darajasini ta'minlaganlarni so‘roq qilishgan. Jumladan, bu harbiy operatsiyalarni rejalashtirish bilan bog‘liq majlislarga taalluqlidir.
Shuningdek, tergovchilarni majlislar vaqtida kim nima gapirgani, kim buyruqlar bergani va “o‘ta maxfiy” belgisi ostidagi hamda davlat siri saqlangan hujjatlarni kim imzolagani haqidagi ma'lumot qiziqtirgan. “Ushbu ma'lumotlar boshqa davlat, aniqrog‘i Rossiya manfaatlari yo‘lida yig‘ilganiga gumon bor”, deb aytgan manba.
28 may kuni Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksandr Danilyuk hokimiyatga Vladimir Zelenskiy kelgandan keyin nazorat markazidagi barcha monitorlar yechib olingani va maxfiy axborot saqlagan serverlar uzib qo‘yilganini ma'lum qilgan. Danilyuk hozirda bu texnika qayerda ekanligini bilmasligini aytgan. Poroshenko matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko texnika Poroshenkoning puliga ijaraga olingani, ularda maxfiy axborot saqlanmaganini aytgan.