Farhod Ermanov: «Turistlarni «o‘zimizniki» qilib olishimiz kerak»
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholi bilan tadbirkorlarni tashvishga solayotgan va yechimini kutayotgan dolzarb muammolar bo‘yicha Kun.uz tahririyatiga eksklyuziv intervyu berdi.
Viloyat rahbari suhbat davomida Xorazmda turizmni rivojlantirish istiqbollari haqida ham gapirdi.
«Xorazm viloyati iqtisodiyotining muhim sohalaridan biri turizm hisoblanadi. Shu tufayli, turistlar sonining oshishi, xorij davlatlarida turistik operatorlarimizni ko‘paytirish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.
Hozirgi kunda Xorazmga kelayotgan turistlar sonini ko‘paytirish va «o‘zimizning turistlar»ga ega bo‘lish muhim ahamiyat kasb etmoqda. «O‘zimizning turist» deganda nimani tushunamiz? Bu o‘zimiz tomondan berilgan yo‘llanmalar orqali O‘zbekistonga keladigan turistlardir. Buning natijasida barcha pul oqimlari O‘zbekistonga, viloyatimizga yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Hozircha bunday sayyohlarning soni ko‘p emas – bu yil 36 mingga yetdi. Umumiy hisobda esa 2019 yilning 5 oyida chet ellik turistlar soni 100 mingdan oshib ketdi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2018 yilda ularning umumiy miqdori 130 mingdan ortiq edi, demak bu yili deyarli ikki barobar ko‘paydi. Ana o‘sha turistlarni o‘zimizniki qilib olishimiz kerak. Buning uchun xorij davlatlarida o‘zimizning tur-agentliklarni ochishimiz va tur-operatorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Bu borada imkoniyatga, salohiyatga ega tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishimiz kerak.
Turizmni rivojlantirishda turistlar uchun infratuzilma obektlarini tashkil qilishimiz, mehmonxona komplekslarini qurishimiz kerak. Yil boshidan beri viloyatimizda 6ta mehmonxonani ishga tushirdik, yana 2tasi ish boshlash arafasida turibdi.
Yilning qaysi faslida kelishidan qat'iy nazar, barcha sayyohlar mehmonxonalar bilan to‘liq ta'minlanishi, ular uchun ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi, dam olish maskanlari tashkil qilinishi kerak. Bu borada arab investorlari bilan juda katta loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Xiva shahri yaqinidagi G‘ovuk ko‘li atrofida turizm zonasini tashkil qilamiz. U yerda uchta zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa obektlar quriladi. Yaqin orada investorlar viloyatimizga keladi. Bu loyiha bo‘yicha ular bilan muzokara o‘tkazamiz», - dedi Farhod Ermanov.
Viloyat hokimidan olingan intervyuning to‘liq talqini bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024