O‘zbekiston | 09:33 / 13.07.2019
4729
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha prezidenti O‘zbekiston bilan ta'lim va ilm-fan sohasida aloqalarni rivojlantirish istagida ekanini ma'lum qildi

Foto: REUTERS / David Mdzinarishvili

2019 yilning 11 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi elchisi Bahrom Boboyev Polsha Respublikasi prezidenti Andjyey Dudaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi munosabatlarga doir masalalar muhokama qilindi. Polsha rahbari uning mamlakati O‘zbekiston bilan ko‘plab masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorligini qayd etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning ijobiyligi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligi ta'kidlandi.

«Varshava O‘zbekistonning faol mintaqaviy siyosati hamda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlarni kuzatib bormoqda va ijobiy baholamoqda, - dedi Andjyey Duda. – Prezident Shavkat Mirziyoyev eng boshidan ochiq tashqi siyosatni amalga oshirib kelmoqda va mintaqada mavjud nizolarni bartaraf etishga hamda o‘zaro ishonch munosabatlarini o‘rnatishga erishdi».

Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar Polsha ishbilarmonlar doiralarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishini sezilarli darajada oshirdi. Bu uchun eng muhim omil O‘zbekistondagi tinch va barqaror muhit hisoblanadi.

Polsha prezidenti 2019 yil 1 fevraldan Polsha fuqarolariga 30 kunlik vizasiz tartibning joriy etilishidan mamnunligini bildirdi. Bu O‘zbekistonga keladigan polshaliklar sonini ikki barobar oshishiga imkon berdi.

Muloqot chog‘ida Polsha tomonining ta'lim va ilm-fan sohasida O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish istagi mavjudligi ma'lum qilindi.

Uchrashuv yakunida Polsha rahbari ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga umid bildirdi hamda O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.

Mavzuga oid