Jahon | 08:30
560
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Polshaga yana 5 ming harbiy jo‘natadi - Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Polshaga qo‘shimcha 5 ming amerikalik harbiy yuborilishini ma’lum qildi. U bu qarorni Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan yaxshi munosabatlar va uning saylovdagi g‘alabasi bilan izohladi.

Foto: REUTERS

Tramp 22 mayga o‘tar kechasi Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: “Hozirgi Polsha prezidenti Karol Navrotskiyning muvaffaqiyatli saylanishi hamda u bilan munosabatlarimizni inobatga olgan holda, AQSh Polshaga qo‘shimcha 5 ming harbiy xizmatchi yuborayotganini mamnuniyat bilan ma’lum qilaman”, — deb yozdi.

Biroq u gap mutlaqo yangi kontingent haqida ketyaptimi yoki avval Polshaga yuborilishi rejalashtirilgan, ammo 13 may kuni bekor qilingan 4 ming kishilik 2-bronetank brigadasi haqidami — buni aniqlashtirmadi.

The Wall Street Journal va Defence News nashrlari 13 may kuni Pentagon Polshaga 4 ming askar yuborish rejasini to‘xtatganini xabar qilgan edi. Nashrlarga ko‘ra, bu qaror Trampning Yevropadagi AQSh harbiy kontingentini qisqartirish rejasi doirasida qabul qilingan.

Politico manbasiga ko‘ra, Polsha harbiylari bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali bilib qolgani uchun norozi bo‘lgan.

Avvalroq Vashington Germaniyadan ham 5 ming amerikalik harbiyni olib chiqishini ma’lum qilgan edi. Bu qaror Germaniya kansleri Fridrix Mersning AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushiga tanqidiy munosabat bildirganidan keyin e’lon qilingan.

17 may holatiga ko‘ra, Polsha AQSh qo‘shinlari soni qisqarishi mumkinligiga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilgan. Polsha Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Veslav Kukula atrofidagi manbaga ko‘ra, Varshava bu haqda xabardor bo‘lib, vaziyatni hal qilish choralarini ko‘rmoqda.

Shunga qaramay, Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kozinyak-Kamish mamlakatdagi amerikalik harbiylar soni qisqarmasligini ta’kidlab, aksincha, ular sonini oshirish bo‘yicha ishlar davom etayotganini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyi o‘rtalarida Polshada taxminan 7400 nafar amerikalik harbiy xizmatchi joylashtirilgan. So‘nggi yillarda AQSh Yevropada umumiy hisobda 100 mingga yaqin harbiyni dislokatsiya qilgan bo‘lib, ularning 65 mingdan ortig‘i doimiy asosda xizmat qilmoqda.

19 may kuni Pentagon Yevropa hududidagi to‘rtta jangovar brigadadan birini chiqarib ketishini ma’lum qildi. Bu qaror AQShning mintaqadagi harbiylari sonini 2021 yil darajasiga tushiradi.

NATOning Yevropadagi Qo‘shma qurolli kuchlari qo‘mondoni, AQSh Harbiy-havo kuchlari general-leytenanti Aleksus Grinkevich esa amerikalik harbiylarning qisqartirilishi NATOning Yevropa mudofaa qobiliyatini mustahkamlash rejalariga ta’sir qilmasligini aytdi.

Uning fikricha, Yevropa davlatlari o‘z harbiy salohiyatini oshirishi ortidan kelajakda AQSh qo‘shinlari dunyoning boshqa mintaqalariga ko‘chirilishi mumkin.

Shuningdek, 2026 yil boshida AQSh Kongressi Pentagon budjeti doirasida Yevropa hududidagi amerikalik harbiylar sonini 76 ming nafardan kamaytirishni cheklovchi qoidalarni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, Pentagon rahbari va Yevropa qo‘mondonligi Kongressga alohida hisobot taqdim etmaguncha, qo‘shinlarni keskin qisqartirish mumkin emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid