Kun.uz saytida 4 iyul kuni «Qushqochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar o‘z o‘rnida ishlatilmaganini aytmoqda» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingandi.

Maqolada Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qushqochdi» mahallasi aholisi murojaati asosida «Obod qishloq» dasturi asosida mahallada amalga oshirilgan ishlar o‘rganilib, mavjud muammolar yoritilgan edi.

«Obod qishloq» dasturi asosida mahallamizda obodonlashtirish ishlari olib borilishini eshitganimizda juda xursand bo‘lgandik. Bir qator ishlar qilindi. Ammo quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mahallada dastur asosida qilingan ishlarning ko‘p qismi yakuniga yetmasdan qolib ketdi. Ayniqsa, ichimlik suv masalasida. Qazilgan handaqlar shundayligicha turibdi. Suvdan darak ham yo‘q. Ko‘chalar to‘liq ta'mirlanmadi. Qisqasi, hammasi chala. To‘g‘risi, mahalla aholisi uchun va'da qilingan qulayliklar yaratilmadi», – deya o‘z e'tirozlarini bildirgandi mahalla aholisi.

Shuningdek, mahalla faollari «Obod qishloq» dasturi asosida mahallaga ajratilgan mablag‘lar to‘liq sarflanmagani, talon-toroj qilingani uchun ishlar yakuniga yetkazilmaganini iddao qilishgandi.

O‘rganish davomida mahalladagi «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilgan obodonlashtirish ishlaridan ayrim fuqarolar va tadbirkorlar ham jabr ko‘rgani, ayrim loyihalar yakuniga yetmay qolgani ma'lum bo‘lgan edi.

Mazkur holatni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan Navbahor tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Asliddin Rahimov (endilikda sobiq, u lavozimidan ozod etilgan) vaziyatga izoh berib, ayrim ishlar yakuniga yetmay qolgani mablag‘ bilan bog‘liqligi, kelgusida bu ishlar yakuniga yetkazilishini bildirgan edi.

Ushbu tanqidiy maqola yuzasidan Navbahor tumani hokimligi o‘z munosabatini bildirib, tahririyatga «Qushqochdi» mahallasida olib borilgan ishlar va bartaraf etilayotgan kamchiliklar yuzasidan ma'lumot taqdim etdi.

«Kun.uz saytida joriy yilning 4 iyul kuni e'lon qilingan «Qush qochdi» nega obod qishloqqa aylanmadi? Navoiydagi mahalla ahli ishlar yakuniga yetmagani va mablag‘lar talon-taroj qilinganini aytmoqda» nomli maqolada keltirilgan fikr va mulohazalar yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.

Mazkur maqola yuzasidan Navbahor tumani «Qush qochdi» mahallasida olib borilgan qurilish-ta'mirlash va obodonlantirish ishlari viloyat hokimligining ishchi guruhi tomonidan tuman mutasaddilari ishtirokida o‘rganib chiqildi.