Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni bilan mamlakatimizdagi har bir tumanda (shahar) ikkitadan, 2019 yildan esa uchtadan qishloqda (mahalla) dastur doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi belgilangan.

Mazkur farmon asosida chekka va olis qishloqlar aholisi turmush tarzi, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash, mavjud infratuzilma, kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablariga moslashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, pirovardida, odamlar turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan katta ishlar boshlangan edi.

Xo‘sh, belgilangan tadbirlar qanday amalga oshirilyapti? Ishlar sifatli bajarilyaptimi yoki muammolar bormi?

Tan olib aytish kerakki, «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilayotgan ishlarni barcha hududlarda birdek olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Belgilangan chora-tadbirlar yakuniga yetmay qolayotgani, bir qator muammolar mavjudligi, bu esa aholining turli e'tirozlariga sabab bo‘lishi holatlari uchramoqda.

Kun.uz tahririyatiga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qushqochdi» mahallasi aholisidan keldi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Obod qishloq» dasturi asosida mahallamizda obodonlashtirish ishlari olib borilishini eshitganimizda juda xursand bo‘lgandik. Bir qator ishlar qilindi. Ammo quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mahallada dastur asosida qilingan ishlarning ko‘p qismi yakuniga yetmasdan qolib ketdi. Ayniqsa, ichimlik suv masalasida. Qazilgan handaqlar shundayligicha turibdi. Suvdan darak ham yo‘q. Ko‘chalar to‘liq ta'mirlanmadi. Qisqasi, hammasi chala. To‘g‘risi, mahalla aholisi uchun va'da qilingan qulayliklar yaratilmadi», – deydi biz bilan suhbatda mahalla aholisi.

Mazkur holatni o‘rganish jarayonida ishtirok etgan Navbahor tumani  hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Asliddin Rahimov (endilikda sobiq, maqolani tayyorlash jarayonida ma'lum bo‘lishicha, u lavozimidan ozod etilgan) izoh berdi.