O‘zbekiston | 20:29 / 27.11.2023
30210
4 daqiqa o‘qiladi

3 yilga bormagan issiqxonalar: Navoiyda 24 mlrd so‘mlik loyiha barbod bo‘ldi

Navbahor tumanida 2020 yilda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 20 gektar maydonda limonchilik issiqxonalari tashkil qilingandi. Uch yil oldin kuzatilgan kuchli shamol issiqxonalarga zarar yetkazgan. 24,7 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan “parnik”lar hozirgacha viloyat va tuman mas’ullarining e’tiboridan chetda qolmoqda.

Kun.uz’ga Navoiy viloyatining Navbahor tumanidan murojaat kelib tushdi. Unda tumanning Guliston mahallasida tashkil qilingan har biri 0,5 gektarlik 40 ta issiqxonaning aksariyati qarovsiz yotgani, mas’ullarga qilinayotgan murojaatlar e’tiborsiz qolayotgani haqida gap boradi.

Murojaatchiga ko‘ra, mazkur issiqxonalar limonchilikka mo‘ljallangan bo‘lib, 2020 yilda tashkil qilingan. Ularning har biriga “Turonbank” ATB tomonidan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 600 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Ammo qurilganiga ko‘p o‘tmay, kuchli shamol ularga zarar yetkazgan.

Issiqxonalar shu bo‘yicha qarovsiz qolgan. Bugungi kungacha mavjud muammoni hal qilib, issiqxonalar faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha harakat bo‘lmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur issiqxonalar prezidentning 2020 yil 19 fevraldagi “Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi sifatida tashkil etilgan. Mazkur qaror bilan 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ishga tushadigan limonchilik yo‘nalishidagi loyihalarning manzilli ro‘yxati ham tasdiqlangan. 

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Navbahor tumani hokimligi matbuot kotibi bilan bog‘landi.

Hokimlikka ko‘ra, holat tuman hokimi Azamat O‘roqov, “Turonbank” ATB viloyat filiali rahbari va boshqa mas’ullar ishtirokida joyiga borib o‘rganilgan.

Ushbu issiqxonalarni barpo etish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Jahon bankining kredit liniya mablag‘lari jalb qilingan.

Tumanning Guliston mahallasi hududida 58.9 gektar yer maydonituman hokimining qarori bilan “Turonbank” ATBga ajratilgan. “Turonbank” tomonidan 20 gektar yer maydonda limonchilik issiqxonalari tashkil etish uchun bank tomonidan 40 ta tashabbuskorga xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 24,7 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. 2020 yilda kuchli shamol oqibatida issiqxonalarga zarar yetgan.

Ushbu limonchilik issiqxonalarining atrofini devor bilan urash maqsadida “Turonbank” tomonidan tadbirkorlarning talablariga muvofiq 2022-2023 yillar davomida qo‘shimcha 5,1 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Ushubu issiqxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari Turonbank tomonidan nazoratga olinib, faoliyatni boshlashga ko‘maklashilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, hududda suv bilan bog‘liq muammo ham mavjud. Shu sababli, har bir issiqxonaga tuman hokimligi va Turonbank hamkorligida amaliy yordami bilan 40 dona tik quduq qazib berilgan. Shuningdek, 8 ta issiqxonada qurilish va atrofini o‘rash ishlarini yakuniga yetkazmagan quruvchilarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli tartibda javobgarlik belgilangan.

Oldinroq Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida ming gektarlik adir uzumzorga aylantirilib, yosh oilalarga 20-25 sotixdan, 3 yillik imtiyoz bilan 7 yilga, 14 foizli kredit asosida taqsimlab berilgani, biroq uzumzor ayni paytda abgor holatda ekani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid