O‘zbekiston | 13:43 / 16.07.2019
21926
3 daqiqa o‘qiladi

Farhod Ermanov: «Yer va kompensatsiya puli berilmaguncha hech kimning uyi buzilmaydi»

Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholi bilan tadbirkorlarni tashvishga solayotgan va yechimini kutayotgan dolzarb muammolar bo‘yicha Kun.uz tahririyatiga eksklyuziv intervyu berdi.

Viloyat rahbari suhbat davomida Urganch shahri va tuman markazlaridagi obodonchilik va qurilish ishlari qanday ketayotgani, shuningdek, uy-joyi buzilayotgan aholiga berilishi shart bo‘lgan yer va kompensatsiya masalalari haqidagi savolga ham javob qaytardi.

«Hozirda Xorazm viloyatining shahar va qishloqlarida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida obodonlashtirish, qurilish ishlari jadallashtirildi. Biz bu dasturlarni eng chekka qishloqlarda ham bajaramiz. Albatta bu ishlar hokimlik tomonidan qattiq nazorat ostiga olingan.

Aholini o‘zi yashayotgan hududdan ko‘chirmoqchi bo‘lsak, albatta uning o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rishimiz kerak. Unga taklif qilinayotgan uyda avvalo o‘zimiz o‘tirib, yashab ko‘rishimiz kerak. Agar bizga ma'qul bo‘lsa, shundagina uyni boshqalarga taklif qilishimiz mumkin.

Urganch shahridan ko‘chirilayotgan aholi uchun bir necha joylardan yer taklif qilganmiz. Ammo shahar hududi yoki uning atrofidan yer ajratolmaymiz. Aks holda 20-50 yildan keyin shahar hududi yana kengayadi, natijada bu uy-joylarni ham buzishga, odamlarni yana ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Shu tufayli, uy-joylar 100 yil turishi uchun shahardan uzoqroq joylarni taklif qilganmiz. Urganch tumanidan 2ta hududni ajratib ko‘rsatdik, ammo odamlar rozi bo‘lmadi, hududni uzoq deb hisobladilar. Keyin yana bir hududni ko‘rsatdik. 

Ta'kidlab aytamanki, odamlarga yer ajratilib, kompensatsiya puli to‘langanidan so‘ng uy-joylarni buzish ishlari amalga oshiriladi. 

Aholini qayerga ko‘chirilaman, mulkim nima bo‘ladi degan savollar tashvishga solmasligi uchun avval uyma-uy kirib, tushuntirish ishlari olib borilyapti, ogohlantirish berilmoqda. Boradigan joyi hal etilib, kompensatsiyasi qoplanganidan keyingina ko‘chirish ishlari boshlanmoqda. Lekin kimki zararim qoplanmadi, muammo ijobiy hal qilinmadi deb aytadigan bo‘lsa, uni eshitib, albatta muammosini hal etishga harakat qilyapmiz. Uy-joy egasining har biri bilan shartnoma tuzilmoqda, uch taraflama kelishuv bitimida tomonlarning xohishi inobatga olinmoqda», - dedi Farhod Ermanov.

Viloyat hokimidan olingan intervyuning to‘liq talqini bilan videolavha orqali tanishishingiz mumkin.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Mavzuga oid