«Garchi ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan nohaq haqorat va tahqirlar farzandlarim, yaqinlarim diliga judayam og‘ir botayotgan bo‘lsa-da, men bu holatga matbuot orqali izoh bermoqchi emasman. Lekin, yurtimizdagi biror bir ayolni kimdir nohaq tahqirlasa, haqorat qilsa, uning himoyasi uchun matbuot orqali qayta-qayta izoh berishga tayyorman. Shuningdek, birovning shaxsiy fikrini o‘zgartirish oson kechadigan holat emas. Qolaversa, qo‘mita raddiyasida mening munosabatim aniq va ravshan ochib berilgan».
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bozordagi sotuvchi ayollar haqidagi so‘zlari yuzasidan munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi. Uning fikri to‘g‘ri talqin qilinmay, mazmundan uzib olingan alohida jumlalar yanglish tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotganini bildirgan Bositxonova matbuot orqali izoh bermasa-da, qo‘mita raddiyasi bilan cheklanishini izhor etgan.
Xo‘sh, muhokamali xabar qanday paydo bo‘ldi? Aslida, holat qanday bo‘lgan? Nima uchun odamlar aytilgan gaplardan shunchalar g‘azablanishdi?
Avvalo, muhokama predmeti sifatida ko‘tarilgan «ma'naviyat», «ma'rifat» so‘zlari, uning jamiyatda ishlatilishiga e'tibor qaratish lozim. Bu so‘zlar odamlarni junbishga keltirdi, chunki o‘tgan yillar davomida ma'naviyatni soxta talqin qilish oqibatida insonlarda «ma'naviyat»ga nisbatan «allergiya» paydo bo‘lgan. Odamlar soxta targ‘ibot va vajlardan charchagan.
Endi Bositxonovaning «ma'naviyat» so‘zini qanday ishlatgani va bu jurnalist hamda blogerlar tomonidan qanday qabul qilinganini tahlil qilib chiqish lozim. 11 iyulda (o‘sha kunning o‘zida) anjumanda yangragan mulohozalar to‘g‘risida «Bozorchi ayollarda ma'rifat yo‘q, ma'naviyat yo‘q. U bozorchi» mavzusida xabar e'lon qilindi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Bositxonova ovozi yozib olingan audio tarqaldi va bu holat «daryo yanada pishqirib oqishi»ga turtki bo‘ldi. Lekin audioyozuv to‘lig‘icha, umumiy mazmunni saqlab qolgan holda emas, bir parchasigina tarqatildi. To‘liq audioda qanday gaplar aytilgani esa hech kimga qiziq bo‘lmadi.
Qo‘mita saytda chiqqan xabarda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga raddiya bildirilgandi, ammo bu gaplarga endi hech kim ishonmasligi kunday ravshan.















