O‘zbekiston | 15:12 / 13.07.2019
38103
3 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi Elmira Bositxonovaning gapi noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirdi

Elmira Bositxonova/Foto: KUN.UZ

2019 yil 11 iyul kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ishtirok etgan brifingda zo‘ravonlikdan jabr chekkan xotin-qizlarga ko‘mak berish, zo‘ravonlikni oldini olish masalasi muhokama qilingan edi, deyiladi qo‘mita saytidagi ma'lumotda.

Brifingda Toshkent shahridagi bozorlardan birida ishlayotgan 30 nafar sotuvchi ayollarning ularga munosib joy berilmayotgani, oftobda qiynalib savdo qilishayotgani, atrofdagilar va ba'zi mas'ullardan haqorat eshitayotgani yuzasidan Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat etgani misol tarzida keltirilib, ana shu ayollarga bozorchi so‘zini haqorat ohangida aytayotgan mas'ullarni, atrofdagilarni munosabatini o‘zgartirish maqsadida bozorga ma'rifat olib kirish g‘oyasi ma'lum qilingan, deyiladi XQQ bayonotida.

“Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqlarda “bozorchi” va “bozorda ma'rifat yo‘q” degan fikrlar umumiy fikrdan uzib olinib, noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Qolaversa, talqinlarda va munosabat bildirishda inson va tashkilot sha'niga haqoratli so‘zlar aytilayotganini inobatga olib, ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirishning ham o‘z qoidalari borligini eslatmoqchimiz.

Xotin-qizlar qo‘mitasi blogerlarimiz tomonidan ochiq xat va munosabat shaklida kuyunchaklik bilan yozilayotgan bozordagi ayollarning sharoiti og‘irligi, ularga ko‘mak zarurligi bilan bog‘liq barcha holatlardan yaxshi xabardor.

Shu bois blogerlarimiz negadir esga olmagan ayollar hayotini yaxshilash borasidagi bir qancha yo‘nalishlar qatori, bozorlarda milliy qadriyatlarimiz va ulug‘ san'atimiz, adabiyotimiz namunalarini radiouzellar orqali o‘qib-eshittirish, kutubxonalar tashkil etish hamda Xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich tashkilotini tuzish orqali o‘sha sotuvchi ayollarning haq-huquqlarini himoyalash, ularni munosib sharoitlarda ishlashini ta'minlash pozitsiyasini amalga oshirishda davomli ekanini ma'lum qilamiz”, - deyiladi qo‘mita ma'lumotida.

Bundan oldin, O‘zbekistonda har yili necha nafar ayol o‘z joniga qasd qilayotgani aytilgandi

Mavzuga oid