O‘zbekiston | 20:00 / 18.07.2019
9738
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqdagi «Ammofos-Maksam» zavodi tufayli mahalliy aholida onkologik kasalliklar ortmoqda

Olmaliqdagi «Ammofos-Maksam» zavodida chiqarilayotgan zararli moddalar aholi sog‘lig‘iga jiddiy ta'sir o‘tkazyapti, deya baholanmoqda.

Korxonaning atrof-muhitga keltirayotgan ta'sirini baholash maqsadida Ekologik partiya tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i T.Orziqulovning ma'lumotiga asoslanib Kun.uz muxbiri xabar berishicha, endokrin kasalliklari 56taga, stomatologik kasalliklar ikki baravarga, dermatologiya va onkologik kasalliklar 84taga oshgani aniqlandi.

Unga ko‘ra, yaqin yillardan beri dispanser ro‘yxatidagi bemorlar soni ko‘payib boryapti. Bir holatni isbot sifatida keltirish mumkin: joriy yilning dastlabki 6 oyida shahar sanitariya-epidemiologiya markazi tomonidan atmosfera havosi bo‘yicha 240 marta tekshiruv o‘tkazildi. Shundan 50ta holatda havo tarkibida zararli gaz moddalari me'yordan ortiqligi ma'lum bo‘ldi. Atmosferaga 56 foiz zaharli gaz chiqariladi. Orziqulov aholi orasida endokrin va stomatologik kasalliklar soni tobora ortib borayotgani uchun respublikadan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda chuqur tibbiy tekshiruv o‘tkazish lozimligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Joriy yilning iyul oyida Ekologik partiya mahalliy aholi o‘rtasida «Ammofos-Maksam» AJ faoliyatining atrof-muhitga va aholi salomatligiga ta'sirini o‘rganish uchun jamoatchilik so‘rovnomasini o‘tkazdi. 750 respondentning 75 foizi korxona qanday mahsulotlar ishlab chiqarishidan xabardor bo‘lib, korxona haqiqatan ekologiyaga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti, deb hisoblaydi. 73 foiz ishtirokchilar zavod ularning salomatligiga ta'sir qilayotganini aytishgan. Shu bilan birga, 65 foiz respondentlar korxonani qayta ixtisoslashtirish yoki ilg‘or milliy va xorijiy tajribalardan foydalanib, zamonaviy, ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali tubdan modernizatsiya qilish taklifini berishgan.

Mavzuga oid