O‘zbekiston | 12:50 / 19.07.2019
6362
3 daqiqa o‘qiladi

Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga quduqlarni burg‘ilashga subsidiyalar ajratiladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining 15.07.2019 yildagi 587-son qarori bilan Lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning sug‘orish tik quduqlarini burg‘ilash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari prezidentning 18.03.2019 yildagi PQ-4243-son qarorida belgilangan. Xususan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qilish uchun lalmi va yaylov yerlarda sug‘orish tik quduqlarini burg‘ilashga har bir metr chuqurlik uchun 100 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Qabul qilingan hujjat bilan ularni berish mexanizmi belgilandi.
 
Ishlab chiqaruvchilar subsidiya olish uchun maxsus tashkil etilgan hududiy ishchi guruhlarga murojaat qilishlari lozim. Uning tarkibiga viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek viloyatlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, iqtisodiyot va sanoat, moliya boshqarmalari, gidrogeologiya ekspeditsiyasi, elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari va boshqalar kiritilgan.
 
Sug‘orish tik quduqlarini qurishga (burg‘ilashga) oid quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:

• ishchi loyiha;
• pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma;
• tugallangan ishlarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi.
 
Ishchi guruh ariza taqdim etilgandan so‘ng 5 kun muddatda hujjatlarni joyiga chiqib o‘rganadi va xulosa tayyorlaydi. Xulosada loyiha qiymati va pudrat shartnomasi bahosi, quduqning chuqurligi ko‘rsatiladi. 
 
Ijobiy xulosa olgan talabgorlar ro‘yxati har oyda shakllantiriladi va keyingi oyning 5-sanasiga qadar Veterinariya va chorvachilik davlat qo‘mitasiga, shuningdek Moliya vazirligiga hamda viloyatlar moliya boshqarmalariga taqdim etiladi. Moliya vazirligi, o‘z navbatida, subsidiya ajratish uchun tegishli mahalliy budjetlar parametrlariga o‘zgartirishlar kiritadi. 
 
2020 yildan boshlab ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning quduqlarni burg‘ilash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari kreditlari (qarzlari) va grantlari jalb etiladi.
 
Hujjat 15.07.2019 yildan kuchga kirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid