O‘zbekiston | 14:50 / 21.07.2019
10704
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish loyihasiga asosan tadbirkorlarga qisqa va uzoq muddatli imtiyozli mablag‘lar taqdim etiladi

O‘zbekiston Prezidentining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihadan maqsad, qishloq xo‘jaligi sohasida iqtisodiy tizimni yanada chuqur isloh qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish tizimini kengaytirish, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdir.

Qarorda keltirilishicha, “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 25 yil muddatga 200 mln AQSh dollari miqdorida qarz ajratilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 300,6 mln AQSh dollari ekvivalentini, shundan O‘zbekiston Respublikasining ulushi - 100,6 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Loyiha doirasida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish 2019 yil sentabr oyidan boshlanadi.

Loyiha doirasida kredit mablag‘lariga ehtiyojmand tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirib boriladi va kredit mablag‘larini taqsimlash hamda tadbirkorlarning loyihalarini tanlab olish Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadigan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashga, qishloq joylarda xizmag ko‘rsatish tizimini kengaytirishga, shuningdek, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirishga qisqa va uzoq muddatli imtiyozli mablag‘lar taqdim etiladi.

Loyiha doirasida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga mikro, kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun 20 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida mintaqaviy innovatsion markazlar ishga tushiriladi va yangi biznes startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari moliyalashtiriladi.

Murabbiylik, biznes-inkubatsiya markazlari tashkil etiladi, klasterlar, ishlab chiqarish va sotish zanjirlari yaratiladi, yangi texnologiyalarni sinash va bozorlarga tatbiq etish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash ishlari moliyalashtiriladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid