«Qariya demang bizni...» – yoshi eng ulug‘ chempion bokschilar
40 yoshli, ammo hamon navqiron superyulduz, filippinlik Menni Pakyao (ringda 62ta g‘alaba, 7ta mag‘lubiyat va 2ta durang, 39ta g‘alaba nokaut (KO) bilan) 30 yoshli amerikalik Kit Turmanni (29-1-0, 22 KO) ochkolar bo‘yicha mag‘lub etib, yarim o‘rta vazndagi WBA chempionlik kamarini raqibi egalik qilib kelgan WBA superchempioni kamariga almashtirdi. Natijada u chempionlik kamarini taqqan, yoshi eng ulug‘ bokschilar safini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu voqea yuzasida Rossiyaning Chempionat.ru nashri professional boks tarixidagi yoshi eng ulug‘ rekordchi chempionlarni eslashga qaror qildi.
Bernard Hopkins
Dunyo boksi tarixidagi yoshi eng ulug‘ rekordchi qoratanli amerikalik Bernard Hopkins (55-8-2, 32 KO) hisoblanadi. Bi-Hop, Jallod va O‘zga sayyoralik laqabi bilan ringda tanilgan sportchi nafaqat bu rekordni o‘rnatgan, balki keyinchalik uni bir necha marta yangilagan edi.
2011 yil may oyida Hopkins kanadalik Jan Paskalni mag‘lub etib, yarim og‘ir vaznda WBC chempioni bo‘ldi. G‘oliblik kamarini taqqan paytida Bernard 46 yosh, 4 oy va 6 kunlik edi. Natijada u afsonaviy Jorj Forman rekordini yangilashga erishdi.
Keyinchalik Hopkins vatandoshi Ched Dousonga yutqazib, bu kamardan mahrum bo‘ldi. Ammo 2013 yil mart oyida IBF talqini bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu paytda u 48 yosh, 1 oy va 22 kunlik edi.
Bernard nafaqat bu rekordni muvaffaqiyatli himoya qildi, balki turli talqindagi chempionlik kamarlarini birlashtirgan dunyoning yoshi eng ulug‘ bokschisiga ham aylandi. 2014 yil sentabr oyida u o‘rta vaznda 4ta asosiy talqin bo‘yicha (WBC, WBA, IBF va WBO) chempionlik kamarlariga ega chiqdi.
10 yildan so‘ng tinib-tinchimas Bernard yarim og‘ir vaznda ham shu marralarni zabt etishga urinib ko‘rdi. Birinchi qadamda unga WBA superchempioni, qozog‘istonlik Beybut Shumenov duch keldi. 49 yoshli Bernard uni mag‘lub etib, WBA va IBF chempionlik kamarlarini birlashtira olgan yoshi eng ulug‘ bokschiga aylandi.
So‘ngra Hopkins mutloq chempionlik sari yana bir qadam tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo 2014 yil noyabr oyida rossiyalik Sergey Kovalyov ochkolar bo‘yicha uni mag‘lub etib, WBO chempioni bo‘ldi. Bernardga 50 yoshini chempion sifatida qarshi olishga juda oz vaqt yetmay qoldi. U Kovalyovga yutqazganida 49 yosh, 297 kunlik edi. Shu bilan Hopkins boks qo‘lqoplarini «mixga ilishga» qaror qildi. U uzoq davom etgan faoliyatida chempionlik kamari uchun 32ta jang o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Jorj Forman
«Ulkan» Jorj Forman (76-5-0, 68 KO) dunyo boksidagi afsonaviy shaxsdir. Dastlab u 70-yillarda chempion bo‘lgan, so‘ngra 10 yillik tanaffusdan keyin ringga qaytib, yana 10 yil davomida muvaffaqiyat qozongan. Chempionlik kamarini taqqanidan 20 yil o‘tgach, bu yutug‘ini takrorlagan.
O‘sha paytda Jorj 45 yosh, 9 oylikka to‘lganida chempion bo‘lib, rekord o‘rnatgan edi. Bu ko‘rsatkichni faqat Bernard Hopkins yangilay olgan.
10 yildan so‘ng ringga qaytgan Forman ikki marta chempion bo‘lishga urinib ko‘rgan, ammo Evander Holifild va Tommi Morrisonga yutqazgan. So‘ngra, WBA va IBF chempioni Maykl Murer uni ringga chorlagan. Qayd qilish joizki, Murer Formandan 20 yosh kichik edi.
1994 yil noyabr oyida o‘tkazilgan jang Jorj uchun yulduzli onlar bo‘ldi. Ochkolar farqiga ko‘ra yutqazayotgan Forman jang oxirida Murerni nokaut qilishga muvaffaq bo‘ladi. Natijada, yoshi eng ulug‘ chempionga aylanadi.
Qayd qilish joizki, Forman 2ta chempionlik kamaridan jangsiz ayrilgan. Dastlab u WBA talqini bo‘yicha chempionlikka da'vogar Toni Takker bilan jang qilishni istamadi. So‘ngra, IBF talqini bo‘yicha Aksel Shulsni mag‘lub etdi, ammo takroriy revansh o‘tkazishdan bosh tortdi. Formanning professional faoliyati 28 yil davom etgan.
Archi Mur
Amerikalik Archi Mur (186-23-10, 132 KO) boks olamidagi noyob jangchi edi. «Keksa Mangust» laqabini olgan sportchi yarim og‘ir vazndagi dunyoning eng yaxshi bokschisi hisoblanadi. U Jorj Formandan oldin yoshi eng ulug‘ chempion bo‘lgan.
Bundan tashqari Mur 1960 yil 25 oktyabrgacha yoshi eng ulug‘ mutloq chempion ham hisoblanadi. O‘sha paytda u 43 yosh, 10 oylik va 12 kunlik edi.
Mur belgilangan vaqt ichida NBA (WBA o‘tmishdoshi) talqini bo‘yicha chempionlik unvonini himoya qilmagan, natijada kamardan mahrum qilingan. Shuningdek, o‘sha paytdagi nufuzli Nyu-York Atletika komissiyasi (NYSAC) talqini bo‘yicha ham uzoq vaqt davomida ringga chiqmagach, kamardan mahrum qilindi. Bu 1962 yilda, bokschining 45,5 yosh paytida yuz berdi. Mur 1935-1963 yillarda faoliyat yuritgan.
Bob Fitssimmons
Mavzu doirasida yana bir bokschini tilga olmaslikning imkoni yo‘q. Bob Fitssimmons – XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi boks olamining «qahramonlar davri» vakilidir. Britaniyada tug‘ilgan, ammo hayotining ko‘p qismida Yangi Zelandiyada yashagan «Malla» laqabi Fitssimmons (61-8-4, 57 KO) yana bir noyob bokschi edi.
Bob uchta (o‘rta, yarim o‘rta va og‘ir) vaznda chempion bo‘lgan boks tarixidagi ilk jangchidir. Qayd qilish joizki, o‘sha paytda hozirgidek 17ta emas, balki atigi 6ta vazn toifasi bor edi.
Dastlab Fitssimmons o‘rta vaznda chempion bo‘ldi (1891-1894 yillarda), so‘ngra og‘ir (yoki mutloq) vaznda (1897-1899), keyinchalik, yarim o‘rta vaznda (1903-1905). Bundan tashqari, «Malla» og‘ir vaznda chempion bo‘lgan eng yengil bokschi sifatida Ginness rekordlar kitobiga ham kiritilgan. Uning vazni hech qachon 80 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan. Vaholanki u 100 kilogrammdan ortiq vaznga ega sportchilar bilan jang qilgan.
Uzoq vaqt davomida Fitssimmons dunyo boksidagi yoshi eng ulug‘ chempion hisoblanib keldi. 1903 yilning noyabr oyida u irlandiyalik Jorj Gardner bilan 20 raundlik jangda g‘alaba qozonib, 40 yosh, 182 kunlikda chempionlik kamarini taqqan. Fitssimmons 29 yil davomida boks janglarini o‘tkazgan.
Dyuran, Holifild, aka-uka Klichkolar va boshqalar
So‘nggi 10 yillikda professional boksdagi umumiy e'tirof etilgan talqinlar (hozirgi vaqtda 4tasi asosiy – WBC, WBA, IBF va WBO) ko‘paydi, shuningdek, vazn toifalari soni ham ortdi. Natijada, bokschilarning dunyo chempioni bo‘lish imkoniyatlari oshdi.
Shu tufayli, 40 yoshdan oshgan paytida chempion bo‘lgan yoki unvonga da'vogarlik qilgan bokschilar soni ham XX asrga nisbatan ancha ko‘paydi.
Masalan, mashhur bokschilardan panamalik Roberto Dyuran (103-16-0, 70 KO) va amerikalik Evander Holifild (44-10-2, 29 KO) so‘nggi chempionlik kamarlarini mos ravishda 47 va 46 yoshda qo‘lga kiritishgan edi.
Superog‘ir vaznda WBC chempioni ukrainalik Vitaliy Klichko (45-2-0, 41 KO) 42,5 yoshgacha chempionlik qilgan. Uning ukasi Vladimir (64-5-0, 53 KO) esa deyarli 40 yoshgacha chempion bo‘ldi. U hatto 41 yoshida ham unvonga da'vogarlik qilgan edi.
Qayd qilish joizki, kenja Klichko superog‘ir vazndagi Jorj Forman rekordini yangilash uchun ringga qaytish niyati borligini ham ma'lum qilgan edi. Ammo Vladimirning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha payt kelganida ringga qaytish uchun ishtiyoqi juda ham baland bo‘lishi kerak.
40 yoshdan oshganidan keyin chempionlik kamarini taqqan bokschilar orasida janubiy afrikalik super o‘rta vazndagi Tulani Malinga (44-13-0, 19 KO), kanadalik yarim og‘ir vazndagi Adonis «Supermen» Stivenson (29-2-1, 24 KO), shuningdek, faoliyatini davom ettirayotgan birinchi o‘rta vazndagi amerikalik sobiq chempion Kornelius «K9» Bandreyjni (36-6-0, 20 KO) ham tilga olish joizdir. Hozirgi vaqtda ularning soni yanada ortib borishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Mavzuga oid
22:40 / 28.08.2024
Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovga muddatidan oldin podpolkovnik unvonlari berildi
21:18 / 19.08.2024
«O‘zbekcha nokaut»: Qozog‘istonning Olimpiadadagi natijasi tanqid qilinib, O‘zbekiston bilan taqqoslandi
20:33 / 14.05.2024
Fyuri va Usik og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvoni uchun «Asr jangi»ni o‘tkazadi
18:01 / 13.04.2024