Chet tili o‘qituvchilari ustama uchun imtihonni 6 oy kutishiga hojat qolmaydi - DTM
Ayni paytda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan yoki ayrim sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmagan o‘qituvchilar takroriy imtihonni 6 oy kutishiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu vaqt ichida esa ularning bazaviy oylik maoshlariga qo‘shiladigan 15-30 foiz miqdordagi ustama pulini olish imkoniyati yo‘qolmoqda.
O‘qituvchilarga tezroq test topshirig‘ini bajarishlari va ustama pulini olish imkoniyatini berish maqsadida Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga binoan, APTIS for teachers test tizimini ishlab chiqmoqda.
«Rejaga ko‘ra, APTIS for teachers testi uchun birinchi imtihon joriy yil sentyabrida yoki oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda», deya ma'lumot berdi Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
APTIS for teachers test imtihoni pullik bo‘lishi kutilmoqda. Lekin hozircha aniq to‘lov narxi haqida bir to‘xtamga kelinmagan.
Sardor Rajabovning ta'kidlashicha, ayrim o‘qituvchilar imtihonga kirishni 6 oy kutib, ustama pulini yo‘qotgandan ko‘ra, oldinroq to‘lov asosida bo‘lsa-da, test topshirishni xohlaydi. Mavjud test imtihonlarining amal qilish muddati 3 yil bo‘lib, ikkinchi marta test topshirganda eng kam ish haqining 20 foizini to‘lash talab etiladi.
APTIS for teachers test sertifikati esa 2 yil muddatda amal qilishi rejalashtirilmoqda. Faqat bu imtihon har oyda bir marta o‘tkazilishi va natijalar Britaniya Kengashi o‘qituvchilari tomonidan tekshirilib, 3 kunda e'lon qilinishi kutilmoqda.
Davlat test markazi chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasining ma'lumotlariga ko‘ra, chet tili o‘qituvchilarining bilim darajasi yaxshilanib bormoqda. Masalan, ilk bora test sinovlari tashkil etilgan 2013 yildan hozirgi kunga qadar 50 385 nafar chet tili o‘qituvchilari sinovlarda ishtirok etgan bo‘lsa, ijobiy ko‘rsatkichni qayd qilib ma'lumotnomaga ega bo‘lganlar 14.3 foizni tashkil qiladi.
Agar 2013 yilda 14 376 nafar o‘qituvchining 4.8 foizi testdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich hozirgi kunga qadar ancha oshdi. 2019 yil 2 772 nafar o‘qituvchining 31.6 foizi belgilangan tartibda hamma talablarni bajarib, bazaviy oylik maoshlariga qo‘shiladigan ustama uchun ma'lumotnomani qo‘lga kiritgani buning dalilidir.
Mavzuga oid
15:21 / 24.07.2023
Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
07:31 / 14.07.2023
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat majburiy bo‘ladi
18:39 / 27.06.2023
O‘qituvchilarning ta’tili 56 kun etib belgilandi
20:40 / 22.06.2023