22:50 / 25.07.2019
110644

O‘zbekistonda qurilish va buzishlar: xato qayerda?

Ko‘p tadbirlarda «rivojlangan davlatlar tajribasi, Yevropa standartlariga mos...» kabi jumlalar bilan boshlanuvchi nutqlarni tinglab, o‘ylab qolaman: jamiyatda mavjud muammolarni ham rivojlangan davlatlar tajribasini sinchiklab o‘rganib, hal qilsa bo‘lmaydimi? Masalan, qurilish va buzish ishlarini tashkil etish masalasi AQSh yo Rossiyada qanday hal etiladi? Ularning konstitutsiyasida bu borada nima deyilgan?

AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi

AQSh Konstitutsiyasi tarixi davomida unga bor yo‘g‘i 26ta tuzatish kiritilgan, xolos. Aslida, mamlakat Konstitutsiyasining asosiy matniga hech qanday o‘zgartirish kiritilmaydi, balki matn oxiriga alohida ilova sifatida qo‘shimcha kiritiladi. AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatishda belgilanishiga ko‘ra, «Kongress so‘z va matbuot erkinligini cheklovchi biror-bir qonun chiqarishi mumkin emas».

V qo‘shimcha yoxud mulk huquqi himoyasi

1791 yili AQSh konstitutsiyasiga V qo‘shimcha kiritiladi. Unga muvofiq, hech bir shaxs qonuniy sudda ko‘rilmay turib, hayoti; erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emas (Due process of Law). Xususiy mulk o‘rni qoplanmasdan jamiyat foydasiga musodara qilinishi mumkin emas.

Konstitutsiyada ta'kidlanishicha, hukumat yoki xususiy kompaniya boshqaning mulkini ogohlantirish va munosib kompensatsiya pulini to‘lamay, tortib olish, mol-mulkka ziyon yetkazishga haqqi yo‘q. Odatda, mol-mulk tortib olinayotgani uchun to‘lanadigan kompensatsiya puli bozor qiymatidan past bo‘lmaydi. Hukumat va mulkdor bu borada muzokara olib borishi belgilangan. Agar ish muzokara bilan ijobiy hal etilmasa, sud masalani o‘rganadi va odilona qaror chiqarishga intiladi.

Sud hokimiyati har qanday masalada davlat yo jamiyat manfaatini ko‘zlab emas, balki adolatli qaror chiqarishga intiladi. Masalan, hukumat taklif etgan narxdan norozi bo‘lgan mulkdor ko‘proq pul talab etishi mumkin. Sud ishni ko‘rib chiqib, albatta, hukumat manfaatini yoqlamay, ishni mulkdor foydasiga hal etishi mumkin. Shuningdek, bozor qiymatidan ortiqcha kompensatsiya puli talab qilayotgan shaxsga nisbatan ham shunday amaliyot qo‘llanadi. Muhimi sud hokimiyati mustaqil, asosli va adolatli qaror chiqaradi.

Mulk huquqi — inson huquqlarining ajralmas qismi

Har bir inson yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega. Hech kim zo‘ravonlik bilan o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas. Bu haqda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 17-moddasida e'tirof etilgan.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, o‘zganing mol-mulki sud tartibida va sudlovsiz tortib olinishi mumkin. Sud tartibida tortib olinishi mumkin bo‘lgan holatlar quyidagicha belgilangan:

  • Musodara qilish;
  • davlat va jamiyat ehtiyoji uchun tortib olish;
  • qonun talablariga zid foydalanilayotgan mol-mulkni tortib olish;
  • egasiz madaniy qiymatga ega mulk yoxud hayvonlarga nisbatan nojo‘ya munosabatda bo‘linganda.

Shuningdek, mol-mulkni milliylashtirish va rekvizitsiya sudlovsiz amalga oshiriladi. Shunga qaramay, musodara holatidan tashqari, barchasida mulkdorga munosib kompensatsiya puli to‘lanishi kerak.

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, kompensatsiya pul ko‘rinishida bo‘lishi lozim. Ammo mulkdorning roziligi bilan kompensatsiya boshqa qiymatli narsalarda qoplanishi mumkin.

O‘zbekiston xalqaro tajribani yaxshi o‘rgangan

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi, 44-moddasida esa har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi belgilangan.

O‘zbekistonda mulk huquqining yo‘qolishiga quyidagi holatlar sabab bo‘ladi:

  • Mulk huquqi obektining yo‘q qilinishi (masalan, buyumning nobud bo‘lishi);
  • mulk huquqi sub'yektining o‘limi (tugatilishi);
  • mol-mulkni o‘zganing egaligiga o‘tkazish bo‘yicha shartnomaning tuzilish (oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya kabi);
  • mulkdan voz kechish;
  • mulkni mulkdor egaligidan olib qo‘yish yuzaga kelganda.

So‘nggi bandda keltirilgan asos bizga qiziq bo‘lishi mumkin. Negaki, mulkdorning erki, irodasidan tashqari mol-mulkning olib qo‘yilishi orqali mulk huquqining bekor bo‘lishi ashyoning davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, jinoyat quroli, deb topilishi oqibatida musodara qilinishi, natsionalizatsiya qilinishi, sudning hal qiluv qarori asosida mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruvni mol-mulkka qaratish kabi holatlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi №97-sonli «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga ko‘ra nizom tasdiqlangan. Nazarimda, yer uchastkalarni tortib olish va kompensatsiya berish munosabatlari hukumat qarori bilan tartibga solinishi biroz xavotirli, jamiyatda adolatni adl qilmayapti. Barcha davlatlarda aniq belgilangani kabi shu masalada qonun ishlab chiqilishi, munosabatlar O‘zbekiston qonuni bilan mustahkamlanishi zarur.

Garchi normativ hujjatlarda yer uchastkalarini olib qo‘yish bilan bog‘liq obektlarni buzishga ko‘chmas mulkning bozor qiymati hamda olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi ta'kidlansa-da, amalda tartib buzilish uchun javobgarlik aniq ko‘rsatilmagan yoxud qat'iylashtirilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №5495-sonli farmonida ham bu tartib yana bir marta takrorlangan bo‘lib, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar o‘rni to‘liq qoplangandan keyin ruxsat berilishi aytiladi.

Atrofimizda sodir bo‘layotgan hodisalar ikki masalada qat'iy siyosiy irodani ko‘rsatish zarurligini ko‘rsatmoqda: qurilish va buzish ishlari, munosib kompensatsiya to‘lash masalasi qonun bilan mustahkamlansin, ham qonunbuzilishi uchun javobgarlik belgilansin.

Shuningdek, sud hokimiyati amalda mustaqil va haqiqat, adolatni tiklab, qaror chiqarishi lozim. Sudlar buzish ishlarida faqat davlat va hukumat manfaatidan ish ko‘rmasligi lozim. Aks holda, vaziyat rivoji shunday davom etaversa, hech bo‘lmaganda o‘zimiz qabul qilgan qaror va farmonlarga o‘zimiz mas'ul bo‘laylik. Hech bo‘lmasa, o‘zimiz bo‘ysunib, amal qilaylik.

Alisher RO‘ZIOXUNOV

Top