Jahon | 01:33 / 26.07.2019
14812
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti bilan gaplashdi

Foto: DPA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilgan. Bu haqda Ukraina yetakchisining matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Suhbat asnosida AQSh prezidenti Zelenskiyni uning «Xalq xizmatkori» partiyasini 21 iyul kuni muddatidan avval o‘tkazilgan parlament saylovlarida ishonchli g‘alaba qozongani bilan tabriklagan. Trampning fikricha, Ukrainaning yangilangan hokimiyati mamlakat imijini tezda yaxshilaydi, shuningdek, Kiyev va Vashingtonning o‘zaro harakatini to‘xtatib turgan korrupsion ishlarni surishtiradi.

Shuningdek, prezidentlar Zelenskiyning AQShga tashrifi mobaynida ikkitomonlama munosabatlarni atroflicha muhokama qilishga kelishib olishgan.

Iyul oyi boshida Ukrainaning AQShdagi elchisi Valeriy Chaliy Vladimir Zelenskiy jamoasi avgust-sentabr oylarida Ukraina yetakchisining Vashingtonga tashrifini tashkillashtirishni to‘liq yakunlashini e'lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat prezidentlari o‘zaro telefon muloqotlari chog‘ida allaqanday «munosabatlar kimyosi»ni topishga muvaffaq bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina parlamentiga navbatdan tashqari saylovlari 21 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Saylov yakuniy davomati 49,84 foizni tashkil etgan. Vladimir Zelenskiy tomonidan asos solingan «Xalq xizmatkori» partiyasi Ukraina tarixida Oliy Radaga o‘tkazilgan saylovlarda rekord darajadagi qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘ldi — 43 foizdan ortiq ovoz.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid