O‘zbekiston | 12:38 / 29.07.2019
5392
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar ilk bor «Tank biatloni» musobaqasida ishtirok etishadi

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat O‘zbekiston jamoasi Xalqaro armiya o‘yinlarining Rossiya Federatsiyasida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarida ishtirok etish uchun belgilangan manzilga yetib bordi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.

Ayni damda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Moskva viloyatidagi “Alabino” dala-o‘quv maydonida “Tank biatloni” va “Dala oshxonasi” musobaqasiga so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib borishmoqda.

Harbiylarimiz musobaqa o‘tkaziladigan o‘quv joylari bilan yaqindan tanishib, shartlar buyicha puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Har bir davlatning dala-o‘quv maydoni bir-biridan ma'lum ma'noda farq qilishi tabiiy. Shu bois O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar dala-o‘quv maydonining musobaqa bo‘lib o‘tadigan har bir nuqtasini sinchiklab o‘rganib chiqmoqda.

“Tank biatloni” musobaqasida ilk bor ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz 13 ta jamoa bilan kuch sinashadi. Bugun, 29 iyul kuni “Tank biatloni” musobaqasiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Jamoamizning yashash shart-sharoitlari, “ArMI – 2019” musobaqasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni Mudofaa vazirligining mas'ul ofitserlari tomonidan uzluksiz nazorat qilib borilmoqda. Ularga nufuzli musobaqa oldidan so‘nggi ko‘rsatmalar berilgan.

Сарвар Рахимов
Tayyorlagan Сарвар Рахимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid