O‘zbekiston | 11:17 / 31.07.2019
3523
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressmenlari va tadbirkorlari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik, AQSh kongressmenlari va O‘zbekiston senatorlari o‘rtasida qonun ijodkorligi faoliyati yuzasidan tajriba almashish masalalari muhokama etildi. Yaqin parlamentlararo hamkorlik O‘zbekiston-Amerika munosabatlarini kengaytirish va chuqurlashtirishda katta o‘rin tutishi ta'kidlandi.

Davlat rahbarlarining o‘tgan yil may oyidagi uchrashuvidan keyin ikki tomonlama munosabatlar mamlakatlar prezidentlarining qat'iyligi va pragmatik siyosati tufayli yuqori darajaga ko‘tarilgani va tobora faollashib borayotgani ta'kidlandi.

Deniel Rozenblyum prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda olib borilayotgan inson huquqlari va erkinliklarini, majburiy va bolalar mehnatiga barham berilishini ta'minlab beruvchi demokratik islohotlar va yangilanishlar natijalariga yuqori baho berdi.

Amerika tomoni 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirish O‘zbekiston rahbariyatining say'-harakatlarini, fuqarolik jamiyatining mustahkamlanishi hamda davlat hayoti va faoliyatida parlamentning ahamiyati kuchayib borishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

AQSh kongressmenlari va tadbirkorlari delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilayotgani ta'kidlandi. Tashrif doirasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash uchun bundan buyon ham barcha imkoniyatni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid