O‘zbekiston | 20:30 / 01.08.2019
22433
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyent-2019. Imtihonning to‘rtinchi kunida moliya va iqtisod yo‘nalishlari bo‘yicha test topshirildi

1 avgust kuni Oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasida abituriyentlar moliya va iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirishdi. Birinchi smenada 900 nafar abituriyentdan 31 nafar, 2 smenada esa 22 nafari test jarayonida qatnashmadi.

Jami 30ta guruhga 2 nafardan nazoratchi biriktirildi. Shuningdek, zaxirada 6 nafar yordamchi nazoratchi test sinoviga jalb etildi. Imtihon sirtqi va kunduzgi ta'lim shakli abituriyentlari uchun aralash tarzda o‘tkazildi.

1-smenada 2 nafar abituriyent test sinovidan chetlashtirildi. Ulardan birinchisi abituriyent guvohnomasini soxtalashtirib, o‘ringa-o‘rin kirishga uringan. Videofiksatsiya paytida bugun imtihonda qatnashadigan abituriyentlar ro‘yxatida uning ism-sharifi yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. U aslida ertaga test sinovida qatnashishi kerak edi. Nazoratchilar tomonidan ushbu holat aniqlanganidan so‘ng abituriyent imtihondan chetlashtirildi. Shu bilan birga, abituriyent o‘zi hujjat topshirgan yo‘nalish bo‘yicha ham test topshirish huquqidan mahrum etildi.

Ikkinchi holat imtihon jarayonida uyali aloqa vositasidan foydalanish bilan bog‘liq. Abituriyent test sinovining ikkinchi soatida savollar kitobchasini suratga tushirgan va messenjer orqali tanishiga jo‘natgan.

Ikkala holat bo‘yicha ham abituriyentlarning bu yili test topshirish huquqi bekor qilindi. Endi ular keyingi yildan imtihonda qatnashishlari mumkin.

Mavzuga oid