O‘zbekiston | 11:10 / 02.08.2019
7373
4 daqiqa o‘qiladi

2019 yil birinchi yarmida 14 ming 733 nafar shaxs sudlandi 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Odil sudlovni amalga oshirishda sudlar faoliyatining 2019 yil birinchi yarim yillik yakunlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov, fuqarolik, jinoyat, ma'muriy va iqtisodiy sudlov hay'ati raisi o‘rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Qayd etilishicha, hisobot davrida Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 18 ming 745 nafar shaxsga nisbatan 14 ming 269 ish ko‘rib chiqildi. Sudlangan shaxslar soni 14 ming 733 nafarni tashkil etib, shundan 3 ming 798 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 10 ming 191 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 744 nafar shaxs shartli hukm qilindi. 333 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi.

166 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 131 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi va 764 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 3 ming 228 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yetkazilgan 286,8 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 1 ming 693 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi. 6 ming 677 ta jinoyat ishi, ya'ni barcha ishlarning qariyb 46,8 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 
        
Hisobot davrida 42 milliard so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 38 ming 630 sud buyrug‘i chiqarildi. Ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha 79 ming 420 hal qiluv qarori chiqarildi. Ushbu qarorlar bo‘yicha talablarning 84,4 foizdan ortig‘i qanoatlantirildi.        

Joriy yilning birinchi yarim yili mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 95 ming 418 ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Ko‘rilgan ishlarning 61 mingdan ortig‘i bevosita joylarda, ya'ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 15 ming 642 iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 623,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Ma'muriy sudlar tomonidan 2019 yilning o‘tgan olti oyi mobaynida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 8 mingdan ortiq ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 5 ming 761 fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi. Shuningdek, ma'muriy sudlar tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 213 ming 503 nafar shaxsga nisbatan 179 mingdan ziyod ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 133 ming 345 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma'muriy qamoq kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi. Tahlillarga ko‘ra, ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish bilan bog‘liq ishlar tashkil qiladi. Ma'muriy sudlar tomonidan 107 ming 615 ish, ya'ni barcha ishlarning 57,5 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid