O‘zbekistonda noyob geopark ochilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Kitob geologik qo‘riqxonasini turistlar uchun noyob geologik marshrutni ochishni rejalashtirishmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Zinzilbog‘ kesmasi Emsa bazasi etalon standartlariga to‘la javob beruvchi dunyoning yagona noyob geologik yodgorligi bo‘lishiga qaramay, shu paytga qadar u faqat olimlar uchun ochiq bo‘lgan va bu borada ikki qo‘mita vakillari 2 avgust kuni yangi marshrut ochilishini ma'lum qilishgan. Mazkur joy bundan 410 million yil oldin Dunyo okeanidan yerning ajralib chiqish joylaridan biri sifatida noyob geologik yodgorlik sanaladi.
Marshrutning ochilishi 1-3 avgust kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tadigan 2-xalqaro geoturistik forum doirasida tashkil etildi. Forumdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda geoturizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbollar va imkoniyatlarni ochish, respublikaning turoperatorlari va geoturizm sohasidagi ilmiy doiralar vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, yangi tur-mahsulotni yaratish va mavjud tur va dasturlarni boyitishdan iborat.
«Biz hozir yer yuzida hayot birinchi marta tug‘ilgan joydamiz. Umid qilamizki, ushbu forumdan so‘ng qo‘riqxona butun dunyo bo‘ylab sayyohlar uchun ochiq bo‘ladi», - dedi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev. «Bu forum biz uchun katta ahamiyatga ega, chunki bu joy xalqaro hamjamiyat tomonidan yer rivojlanishining geologik tarixining sahifalaridan biri sifatida e'tirof etilgan. Agar siz uni geoturizm nuqtai nazaridan ko‘rib chiqsangiz, u qo‘shimcha ma'noga ega bo‘ladi», - deydi Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi maslahatchisi Ilhom Turamuratov. «Bizning vazifamiz butun dunyoga ushbu geologik kesmani - fan, tarix, madaniyat va turizm rivoji uchun uchun ne chog‘li ahamiyatli ekanligini ko‘rsatishdir», – deb qo‘shimcha qildi maslahatchi.
Ta'kidlash lozimki, Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga Kitob geologik qo‘riqxonasini Milliy bog‘ga aylantirish taklifi loyihasi taqdim etilgan va bu loyiha amalga oshsa kelgusida mazkur noyob geologik yodgorlikni istagan inson kelib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, forumda ishtirok etayotgan olimlar tomonidan qo‘riqxonaning butun hududini o‘rganish bo‘yicha zarur ilmiy va marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va O‘zbekistonda birinchi geoparkni xalqaro tajriba asosida yaratishga yordam beradigan yo‘l xaritasini yaratish, bunda tabiatning va geologik yodgorligini buzilmagan holda saqlash taklif etildi.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024