Sport | 15:00 / 12.08.2019
21494
13 daqiqa o‘qiladi

«Chempion hikoyalari». Aleksandr-Arnold 14 yilda qaytgan avtobus, o‘sha mashhur burchak to‘pi va «Real»dan o‘rganganlari haqida

Foto: AFP/Getty Images

Nihoyat Angliyada navbatdagi chempionat boshlandi. G‘oliblikka asosiy da'vogar sifatida «Liverpul» tilga olinayotgani shubhasiz. Yevropaning amaldagi chempioni tarkibida o‘tgan mavsum, ayniqsa, yosh himoyachi Trent Aleksandr-Arnold porladi. U chempionatda eng ko‘p golli uzatmani amalga oshirgan himoyachiga aylangan bo‘lsa, «Barselona»ga qarshi muhim o‘yinda asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi. Juma oqshomida boshlangan yangi mavsumning ilk o‘yinida esa, jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shib, yana bir bor o‘z hisobiga assist yozib qo‘ydi. E'tiboringizga ushbu iqtidorli futbolchining hikoyasini havola qilamiz.

Mening ikkinchi avtobusim o‘n to‘rt yil o‘tib keldi. O‘zim tug‘ilib o‘sgan Liverpul ko‘chalarida Chempionlar Ligasi g‘oliblariga beriladigan medalni ko‘ksimga taqqancha, juda baxtli edim.

Men ona shahrimni bu holatda birinchi marta ko‘rib turganim yo‘q. O‘sha 2005 yillarda, uyimizning tomiga chiqib olib, avtobus kutganim, uning kelishi xuddi abadiyatdek cho‘zilgani, keyin kimdir: «Ana, kelishyapti» deb qichqirganda, etlarim jimirlab ketgani ham esimda. Ana – Stiven Jyerard va uning sheriklari sovrinni ko‘targancha, o‘tib ketishyapti. 

O‘shanda olti yoshda edim, lekin nimalar bo‘layotganini anglaydigan, kelajakda kim bo‘lishimga qaror beradigan darajada katta bola edim, deb o‘ylayman. Albatta, bu oddiy hol, chunki maktabimizdagi aksariyat bolakaylar ham xuddi shuni orzu qilishardi.

Bu men uchun yaxshi ma'nodagi kasallik bo‘lgan. Aynan qaysi bosqich ekani, tibbiyot tilida nima deb atalishini bilmayman, ammo bu istak mening tomirlarimda qon bo‘lib oqa boshlagandi. Men doim o‘z istaklarimga jiddiy qaraganman va meni o‘ziga tortuvchi kuch ham u qadar uzoq emasdi. Ota-onam, Tayler va Marsel ismli akalarim bilan «Liverpul»ning mashg‘ulotlar bazasidan atigi ikki uch uy narida yashardik. Akalarim bilan chiqishmay qolgan paytlarimiz ko‘p bo‘lardi, ammo uchalamizning ham bir narsa birlashtirib turardi – «Liverpul» futbol klubi.

Men ular bilan deyarli har kuni axlat tashlanadigan qutining oldida turar, to‘siqlar osha, qahramonlarimizning mashg‘ulotlarini tomosha qilishga urinardik. Keyin esa, albatta, o‘zimiz liverpulchilarga aylanar, o‘yinlarni boshlab yuborardik. Onam ko‘chaga chiqishimizga faqat bir shart bilan rozi bo‘lardi – biz uning ko‘z o‘ngida bo‘lishimiz kerak. Shuning uchun uyimiz yonidagi bog‘cha yoki yo‘lning narigi tarafidagi kichik maydoncha bizning «Enfild»imiz edi. Faqat futbol, futbol, futbol. «Liverpul», «Liverpul», «Liverpul». 

Bolaligimda mashina derazasidan Enfildga qaraganimni va ichkarisi qanaqa ekan, deb qiziqqanim esimda. Keyin esa, 2005 yilning aprelida onam Tayler ikkalamizga Chempionlar Ligasi chorak finaliga bilet sovg‘a qildi. Birinchi o‘yin. Buffon, Kannavaro, Nedved, Ibra – dahshat.

Futbolchilar to‘p bilan maydon markaziga chiqib kelishdi, Chempionlar Ligasi madhiyasi yangradi. Odatda, uyda bu paytda Tayler va mening jag‘imiz tinmasdi, ammo bu safar jim bo‘lib qoldik. Keyin «You will never walk alone» qo‘shig‘i boshlandi. Men oshiq bo‘lib qoldim. Hayotimda nimaga erishishim lozimligini bilib bo‘lgandim. O‘sha kuni uyqu ham kelmadi.

Bir necha oy o‘tib, «Liverpul» Yevropa chempioniga aylandi. O‘yinni oilamiz bilan tomosha qildik. Men atigi olti yosh bo‘lsam-da, buning qanday ahamiyatli ekanini his qilib turardim. Shunchaki, ko‘chada aylanib yurib ham, odamlarning ochiq chehralariga qarab, o‘sha Istanbul kechasi qanchalik ta'sir qilganini payqash mumkin edi. Shaharda katta bayram kutilayotgandi –xayriyatki, onamizning sharti ham buzilmaydi, avtobus shundoqqina oynamiz tagidan o‘tar ekan. 

Biz qizil liboslarni kiyib olgancha, balkonga chiqib olganmiz. Ana, ular keldi, men hatto qo‘limni uzatib, kubokka teginib ko‘rishim ham mumkin edi. Bilasizmi, bunday kundan keyin futbolchi bo‘lishni orzu qilmaslik qiyin.

Sal ulg‘ayib, «Liverpul» akademiyasiga o‘tganimda, akalarim men uchun o‘z orzularini qurbon qilishdi. Menimcha, ichimizda professional futbolchi uchun menda imkoniyat kattaroq ekanini hamma bilgandi. Ota-onam ham. Ammo bolalarda buni qabul qilish oson emas. Dam olish kunlari onam akalarimni o‘yinga olib borolmasdi, chunki ma'lum bir vaqtda men akademiyada bo‘lishim shart edi. Akalarim to‘g‘ri tushunishdi va men bugungi kunim uchun avvalo, ulardan juda minnatdorman.

Har bir qadamimni bir o‘zim emas, birgalikda bosdik. Har bir sovrin o‘zimniki emas, hammamizniki. Men to‘plagan tajriba, men ko‘rgan kunlar – uchalamizniki. Men tug‘ilib o‘sgan joyda qoida shu.

Bir necha yil o‘tib, men asosiy jamoada ham o‘ynay boshladim. Unchalik mashhur emasdim, ba'zida shaharda tanib qolishardi, shu xolos. Va bir payt, dam olish kuni edi, markazga yaqin joyda aylanib yurib, bir bolakayni ko‘rib qoldim. O‘n yoshlar chamasi, egnida «Liverpul» libosi bor. U qadar e'tibor ham bermayotgandim boshida, keyin esa, u o‘girildi.

«№66. Aleksandr-Arnold» yozilgandi orqasiga. Ha, men bu paytda allaqachon «Enfild»da o‘ynayotgandim. O‘n ikki yoshdan beri «Liverpul»daman. O‘z vaqtida Stiven Jyerrard bilan uchrashish nasib etgan. Umuman, juda ko‘p orzularimga erishib bo‘lganman. Ammo o‘sha bolakayni ko‘rgan paytdagi hislarimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman.

Bilaman, odamlar biror bolakayni ko‘rsatib, «yoshligimda xuddi shunaqa bola edim» deyishni yaxshi ko‘rishadi. Lekin men rostdan ham, xuddi shu bola edim. Hozir ham o‘sha bolaman, aslida. 

Hozir ham, shu raqamli libosni kiyib olgan bolalarni ko‘rsam, umuman, «Liverpul» libosini kiyib olgan har qanday muxlisni ko‘rsam, ularning oldida burchim borligini his qilaman. Chunki men ham ulardan biriman. Biz bir oilamiz.

Yurgen Klopp ham doim shuni gapiradi. Uni chetdan kuzatganlar u haqida hammasini bilamiz deb o‘ylashadi. Lekin ular hammasini ko‘rishmaydi. Biz namoyish qilayotgan yuqori temp, raqiblarga nisbatan shafqatsizlik, bularning hammasi – Klopp va uning shtabi mashg‘ulotlarimizga olib kirayotgan juda muhim jihatlardir. Uning kelganiga ko‘p bo‘lmadi, lekin uning yo‘lidan boshqa yo‘l borligini bilmayman. Menimcha, Kloppning boshqalardan farqi ham shundaki, u doim muxlislar uchun o‘ynashimiz kerakligini singdirishga harakat qiladi, buni nazorat qiladi. Bu bizning uslubimiz, bizning o‘ziga xosligimiz.

Shuning uchun ham, Kamp Nouda 3:0 hisobida yutqazib ham, u qadar xavotir olmaysan. Albatta, hazil, juda og‘ir bo‘lgan, lekin aytmoqchimanki, o‘sha oqshomda hammamiz g‘alabaga ishongandik. Jinni (Veynaldum) chiqib, ikki gol urganidan keyin, bugun ularni yengishimizga ishonib bo‘lgandim. Stadion muhiti, nafas bo‘lib kirayotgan havo ham buni anglatib turar, faqat bu qachon va qanday amalga oshishi savol bo‘lib qolgandi xolos.

Odamlar mendan o‘sha burchak to‘pi haqida ko‘p so‘rashdi. O‘ylashimcha, ular qandaydir ajoyib hikoya eshitishni istashadi. Lekin aslida, o‘sha vaziyat mashg‘ulotlarda sinalgan usul emas; shunchaki, mentalitetimizning mevasi edi xolos. Bu yerda yagona sir shundaki, Divok o‘sha vaziyat uchun ideal nomzod edi – ayni o‘sha pallada sovuqqonlikni saqlab qolish va gol urish faqat uning qo‘lidan keladi.

O‘yin tugagach, biz fanatlarning oldiga bordik, birgalikda o‘sha mashhur qo‘shiqni kuyladik. Futbol faoliyatimdagi eng yorqin daqiqalarni boshdan kechirdim – axir aynan shu qo‘shiq olti yoshimda mening taqdirimni o‘zgartirib yuborgan va men mana shu manzilda, «Enfild» chimining ustida o‘sha qo‘shiqni aytayotgandim. O‘sha kuni ham ko‘zga uyqu kelmadi.

Albatta, har qanday ajoyib kecha bo‘lmasin, yakuniy vazifa hali bajarilmagandi. O‘tgan yili ham biz finalgacha yetib kelgan va mag‘lubiyat alamini totgandik. O‘sha kun biz uchun katta tajriba bo‘lgan, «Real» bizga finallarni qanday yutish lozim ekanini namoyish qilib bergandi. Madridliklar maydonda nima qilayotganliklarini juda yaxshi bilib turardilar. Ayniqsa, uchinchi goldan keyin, biz ulardan hatto to‘pni ham olib qo‘ya olmadik. Juda og‘ir bo‘lgan. O‘shanda «Real» bizni qaysi ko‘yga tushirgan bo‘lsa, biz bu mavsum davomida raqiblarimizni xuddi shu ahvolga soldik. Bir ikki gol urgandan keyin, raqibni butunlay qurolsizlantira boshladik. Biz buni «Real»dan o‘rgandik.

Shuning uchun «Tottenhem»ga qarshi finalda ham biz o‘zimizni juda ishonchli his qildik. Shaxsan o‘zim o‘yindan nima kutishni, nimalar qilish kerakligini bilib turardim. Ayniqsa, Divok ikkinchi golni urgach, nishonlash uchun maydon burchagiga yugurganim va u yerdan turib fanatlarimizning yuzlariga nazar tashlaganim – bu g‘alaba ular uchun juda ahamiyatli edi. Rim. London. Parij, Yana Rim. Istanbul. Endi Madrid.

Bu shaharlarni butun umr esdan chiqarmaymiz. Keyin oila a'zolarim ham maydonga tushishdi. Til ojiz. Faqat quchoqlashishlar va ko‘z yoshlari. Qachonki, kubokni boshimiz uzra ko‘targanimizda, yana yerga qaytdim – biz uni yutdik!

Yo‘lning narigi betidagi maydonchadan Chempionlar Ligasigacha – biz yutdik. 

Yigirma to‘rt soatga yaqin tepasi ochiq avtobusda Liverpulni aylandik. Eng yomoni, jin ursin, biz bu safar o‘sha bolaligim o‘tgan ko‘chadan o‘tmadik. Ishonasizmi?

Lekin o‘sha shahar, o‘sha yaqin atroflarda edik. Uyimizga yaqin ko‘chalardan o‘tayotganimizda, bilasizmi, nimani o‘yladim? 2005 yilda balkonda turgan men va akalarimni... Shu yilning iyunida esa, men xuddi shunday balkonlardan yuzlab yosh Trent Aleksandr-Arnoldlarni ko‘rdim.

Minglab shunday bolakaylarni ko‘rdim. Iloji bo‘lganida, ularning har birining ko‘ziga qarab, qo‘yidagi ikki maslahatni bergan bo‘lardim:

Birinchisi, orzularingizga ishoning va qo‘lingizdan kelganini qiling. Albatta ijobat bo‘ladi. Boshqa maslahatlarga quloq solmang.

Ikkinchisi, kimsiz, bu yerga qayerdan keldingiz, yo‘lingizda sizga kimlar yordamchi bo‘ldi, hech qachon unutmang.

Ularsiz bularning hammasi imkonsiz...

Trent Aleksandr-Arnold. 
ThePlayersTribune

Mavzuga oid