14 avgust kuni kechki vaqt O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur idoraning bosh direktori Komil Allamjonov taklifiga binoan jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Norasmiy, ochiq va samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida K.Allamjonovning 13 avgust kungi bayonoti muhokama mavzusi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z bayonotida K.Allamjonov «Bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma'lumotlarda belgilangan talablarga rioya qilishlari, balki ular ostidagi fuqarolar, feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz», — degan edi.
Uchrashuv avvalida Komil Allamjonov barchaga yuzlanib, mazkur bayonot jamoatchilik o‘rtasida nega kuchli e'tiroz keltirib chiqarganini tushunmayotganini, u shunchaki qonunchilik va me'yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan qoidalarni bir bor ta'kidlab, o‘qib berganini aytib o‘tdi.
Fikr bildirish va izoh qoldirishda etika qoidalari, mavjud qonunchilik me'yorlariga rioya qilish muhim ekanligi, turli holatlarda ayrim tahqirlovchi izohlar o‘chirilishi butun dunyoda mavjud amaliyot ekanligini aytgan K.Allamjonov misol tariqasida BBC sayti sahifasida qoldiriladigan izohlarga qo‘yiladigan talablar va o‘chirish huquqidan qanday holatlarda foydalanilishi haqidagi qoidalarga ishora qildi.

Sir emas, yurtimizdagi turli tahririyatlar va blogerlar tomonidan yuritiladigan Youtube, Facebook, Instagram va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusi bo‘lib turgan turli insonlarning va ayniqsa mansabdor shaxslarni haqoratlash, tahdid qilish, uydirma va tuhmat uyushtirish, turli tartibsizliklarga chorlash kabi izohlar qoldirib kelinmoqda.
Xususan, bizning tahririyatimiz tomonidan joylanayotgan materiallar ostida qoldirilayotgan ayrim izohlar ham kishining ta'bini xira qiladi. Avvaliga biz fikr erkinligi, deya bunga e'tibor qilmas edik. Ochig‘ini aytish kerak, millionlab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yog‘dirilayotgan izohlar oqimini nazorat qilish ham katta kuch va vaqt talab qiladi, amalda bu deyarli imkonsiz. Lekin so‘nggi oylarda bu keskin va ba'zida juda qo‘pol va xunuk ko‘rinishga ham kelib qolgan. Bu masalaga yangicha yondashuv va e'tiborni talab qilmoqda.








