O‘zbekiston | 13:00 / 15.08.2019
23612
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim muassasasi pedagog xodimlarining maxsus maqomi belgilanadi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab, “Maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha ta'lim berish va tarbiyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi fraksiya a'zolari tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Ta'kidlanganidek, qonun loyihasi maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlanishining asosiy prinsiplari va maqsadini, maktabgacha ta'limning davlat kafolatlarini belgilaydi. Shuningdek, qonun loyihasida bolalarning yashash joyidan yoki doimiy ro‘yxatga olingan joyidan qat'i nazar, muassasa tashkil etish yo‘li bilan maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

E'tirof etilganidek, maktabgacha ta'lim muassasasi pedagog xodimlarining maxsus maqomini belgilash nazarda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarida nazarda tutilgan hollarni istisno qilgan holda, o‘qituvchilarni o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etishning majburiy tartibini joriy qilish taklif etilmoqda.

Shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan muhokama etildi. Mazkur qonun loyihasi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta'lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, unda “tazyiq”, “zo‘ravonlik”, “ruhiy zo‘ravonlik”, “jismoniy zo‘ravonlik”, “jinsiy zo‘ravonlik”, “iqtisodiy zo‘ravonlik”, “tazyiq va zo‘ravonlik jabrlanuvchilari”, “himoya orderi” kabi tayanch tushunchalar o‘z aksini topgan.

Ushbu qonun loyihasining kuchga kirishi ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga himoya orderini berish imkoniyatini yaratadi. Mazkur himoya orderi talablari buzilganda shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a'zolari qonun loyihasining qabul qilinishi, eng avvalo, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan hurmatni mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidlab, tazyiq va zo‘ravonlikda jabr ko‘rgan shaxslar uchun tezkor aloqaning ishlash tartibiga qaratilgan normalar kiritish bo‘yicha hamda zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki sodir etgan shaxslarning xulq-atvorini tuzatishga doir dasturni ishlab chiqish yuzasidan mas'ullarga takliflar bildirdilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, boshqa qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, barcha masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid