O‘zbekiston | 09:39 / 15.08.2019
6158
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy kinokompaniyalarga O‘zbekistondagi s'yomka xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi

Foto: Shutterstock

2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda “rebate” tizimi yo‘lga qo‘yiladi, birinchi marta “LocationEXPOuz” mahalliy kinolokatsiyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, har yili xalqaro kinotadbirlarda O‘zbekistonning milliy paviloni tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarga tashkiliy hamda texnik jihatdan ko‘mak beriladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar qilmoqda.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2020 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulot yaratuvchi xorijiy kinokompaniyalar muayyan shartlarni bajargan taqdirda, xarajatlarning bir qismi, film s'yomkasiga sarflangan mablag‘ning 20 foizgacha bo‘lgan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 

“Rebate” - s'yomkalar o‘tayotgan mamlakat hududlarining hukumati tomonidan kino ishlab chiqarishga ketgan xarajatlarni qoplash. Bu prodyuserlarga muayyan shartlarni bajargan taqdirda, film s'yomkasiga sarflangan mablag‘ning bir qismini qaytarish imkonini beradi. 

O‘zbekistonda birinchi marta mahalliy kinolokatsiyalarning “LocationEXPOuz” ko‘rgazmasi tashkil qilinib, uni har yili “PROlogue” xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. “LocationEXPOuz” – bu butun dunyoning yetakchi kinoprodyuserlari, kinokompaniyalari va lokeyshn menejyerlarini s'yomkalar uchun bizning mahalliy kinolokatsiyalarimiz, ishlab chiqarish texnik sharoitlarimiz bilan tanishtiruvchi “shouril”, bundan maqsad xorijiy kino ishlab chiqaruvchilarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga jalb qilishdan iboratdir. 

Hujjatga muvofiq, xalqaro kinotadbirlarda O‘zbekiston Milliy pavilonining tashkil etilishi, “LocationEXPOuz” ko‘rgazmasining o‘tkazilishi hamda xorijiy kinokompaniyalarga beminnat tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik yordam ko‘rsatish O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkilotiga har yili yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda mablag‘ ajratish vazifasi yuklatilgan. 

Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari haqida qisqa va to‘liq metrajli badiiy filmlar, hujjatli-xronikal filmlar s'yemkasi uchun loyiha qiymatining 30 foizi miqdorida, lekin 3 mlrd so‘mdan oshmagan holda grantlar ajratiladi. 

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasining tahlili shuni ko‘rsatadiki, kinoturizm ma'lum bir mamlakatda kinofilmlar tasvirga olishda jahonning mashhur kinokompaniyalarini rag‘batlantirib, turistik oqimni oshirish, investitsiyalar jalb qilish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini mustahkamlash maqsadidagi kuchli marketing jihozi sifatida qo‘llaniladi.   

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid