O‘zbekiston | 21:18 / 20.08.2019
20185
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston budjeti moliyaviy shaffoflikning minimal talablariga javob bermasligini bildirdi

Foto : AR

O‘zbekiston AQSh Davlat departamentining minimal fiskal shaffoflik talablariga javob bera olmaydigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Davlat departamentining shaffoflik to‘g‘risidagi yillik ma'ruzasi ro‘yxatiga O‘zbekiston bilan birgalikda yana 67 davlat kiritildi. Ular orasida Ozarboyjon, Xitoy, Iroq, Turkmaniston va Saudiya Arabistoni bor.

Hujjatda AQSh 2018 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha moliyaviy yordam ko‘rsatgan 140ta hukumatning ishi tahlil qilingan. 67ta hukumat minimal shaffoflik talablariga javob bera olmagan.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston o‘z budjetini oshkor qilishda o‘sishga erishgan, ammo budjet rejalashtirilgan xarajat va daromadlar haqida batafsil ma'lumotni o‘z ichiga olmagan.

Bundan tashqari, budjetda tabiiy resurslardan keladigan daromadlar haqidagi ma'lumotlar va budjetdan tashqari davlat hisoblari haqida axborot oshkor qilinmagan.

AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonga fiskal shaffoflikni ta'minlash uchun o‘zining qarz majburiyatlari haqida oshkor qilishni va vazirliklarning xarajatlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berishni tavsiya qilgan.

Kun.uz shu kunlarda «Sizning fikringiz» Telegram kanalida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda o‘zbekistonliklarning budjet shaffofligi to‘g‘risidagi fikri so‘raldi. Unda 2 918 kishi qatnashdi.

So‘rovda qatnashganlarning 51 foizi O‘zbekistonda budjet «sirli va yopiq» ekanligini bildirdi. Respondentlarning 40 foizi budjetimiz haqida hech narsani tushunib bo‘lmasligini aytgan.

Bundan tashqari, 4 foiz ishtirokchilar davlat muassasalari pullarni qayerga ishlatayotganini bilishini aytgan bo‘lsa, 3 foizi budjet sarfi qiziqtirmasligini, 2 foizi esa barcha tashkilotlar daromad va xarajatlari to‘g‘risida hisobot chop etayotganini aytgan.

Mavzuga oid