O‘zbekiston | 16:05 / 26.12.2024
1873
2 daqiqa o‘qiladi

Budjet hisobidan qurilayotgan obektlarga 30 foiz miqdorida avans ajratiladi

Qurilishi yakunlangan obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffof tizim joriy etiladi.

«2025–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan, budjet tizimining budjetlari hisobidan obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlariga asosan qurilish muddati uch oydan kam bo‘lgan obektlarga birinchi oyda obekt qiymatining 30 foizi miqdorida avans mablag‘lari ajratiladi, keyingi to‘lovlar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.

2026 yil 1 yanvargacha sinov tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarining qiymati BHM 6 ming baravaridan ortiq bo‘lgan loyihalar (obektlar) bo‘yicha quyidagilar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi:

- hajm, texnik va smeta qismi (narx qismidan tashqari) – “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan;

- tovar, ish va xizmatlarning narx qismi –“Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan;

- BHM 6 ming baravarigacha bo‘lgan loyihalar (obektlar) bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan.

2025 yil 1 aprelgacha qurilishi yakunlangan obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffof tizim joriy etilishi ta’minlanadi.

2025 yil 1 iyulgacha namunaviy va takror qo‘llanadigan loyiha hujjatlari bo‘yicha elektron kataloglarning yaratilishi hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi ta’minlanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar