O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bo‘lim boshlig‘i Milana Bazarova respublika transport-kommunikatsiya tizimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati haqida fikr yuritadi.

Xalqaro magistral yo‘llar tarmog‘iga ulanadigan zamonaviy transport-infrastruktura tizimining yaratilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini sanoat-innovatsion rivojlantirish bo‘yicha oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun asosiy shartlardan biriga aylanmoqda.

Tan olish kerakki, ushbu sohada hal qilinmagan qator muammolar bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish uchun yetarlicha salohiyatga ega. Masalan, hozirda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yuqori avtomobil yo‘llari tarmog‘i zichligiga ega – 100 kv kilometrga 41 km. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Tojikistonda 100 kv kmga 19,4 km, Qirg‘izistonda 100 kv kmga 17 km, Qozog‘istonda 100 kv kmga 4,7 kmni tashkil etadi.

Shu bilan birga, keyingi yillarda O‘zbekistonda transport sohasida o‘tkazilayotgan investitsion siyosat tufayli: a) mamlakat YaIMda transport xizmatlarining ulushi jadal o‘smoqda – 2018 yilda u 6,4 foizni tashkil etdi. 2000 yilga taqqoslaganda, transport xizmatlari hajmi 100 baravardan ortiqroqqa oshdi –205,4 mlrd. so‘mdan 23,1 trln. so‘mgacha o‘sdi b) mazkur davrda yo‘lovchi tashish oshdi – 3,6dan 5,8 mlrd. kishigacha va yuk tashish hajmi 1,5 baravarga oshib, 2018 yilda 1,2 mlrd tonnani tashkil etdi; v) 7 logistika markazi va 29 yuk transport bazasi tashkil etildi. Yana 6ta logistika markazi qurilish va loyihalashtirish bosqichida.

Shu bilan birga, sohada davlat boshqaruvining vakolatli organi sifatida Transport vazirligi tashkil etildi. Yangi tuzilma transport tizimini rivojlantirishning yagona kompleks Strategiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan. Qayd etish joizki, global logistika tizimi rivojlanishi va yo‘l-transport kompleksini tashkil etish va boshqarishga bo‘lgan talabning o‘sayotganligi hisobga olinib, Transport vazirligi huzurida avtomobil transporti sohasida kadrlarni professional tayyorlash va qayta tayyorlash instituti ochildi.

O‘zbekiston transport kommunikatsiyalari bo‘yicha 70dan ortiq xalqaro konvensiya, kelishuv va ikki tomonlama shartnomalar ishtirokchisi hisoblanadi hamda ularni integratsiyalash bo‘yicha qator xalqaro dasturlarda qatnashadi. Aksariyat loyihalar xalqaro tashuvchilar o‘tishiga mo‘ljallangan 99 marshrut o‘tadigan respublika tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan.