“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 184-moddasining (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining sodir etilgan jinoyat haqidagi xabarini olgan kundan e'tiboran
o‘n kun ichida moliyaviy jarimani hamda o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:

174-modda (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e'tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa javobgarlikdan ozod bo‘ladi”;

164-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e'tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, javobgarlikdan ozod etiladi”;

271-moddaning (Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 11-bandidagi  “164-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida” va “174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida,” degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.