O‘zbekiston | 20:50 / 23.08.2019
8513
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov «snos» masalasini hal etishda senatorlarni hamkorlikka chaqirdi

Senatning 21-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobot berdi. O‘z chiqishida Abduhakimov yaqin kunlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan «snos» masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«So‘nggi paytlarda ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lgan masala uy-joylarning buzilishidir. Xorazm viloyati Urganch shahri, Farg‘ona viloyati Rishton tumani, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani, Sirdaryo viloyati Shirin shahri, Toshkent viloyati Bo‘stonliq va Ohangaron tumanlarida, Toshkent shahrining Sergeli tumanida uy-joy buzilishi yuzasidan aholi orasida keskin noroziliklar kelib chiqdi.

Natijada, bu borada 2019 yil 3 avgustdagi Prezident Farmoyishi asosida fuqarolarning mulk huquqi so‘zsiz ta'minlanishi yuzasidan qo‘shimcha choralar ishlab chiqildi. Joriy yilning 5 avgustidan boshlab fuqarolarning yer uchastkasini olib qo‘yish va ko‘chmas mulk obektlarini buzishda 3 bosqichli ish tartibi joriy etildi.

Bunda jarayonda qonuniylikni ta'minlash, har bir holat ustidan hukumat hamda bevosita Bosh vazir nazoratini o‘rnatish mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirishni nazarda tutadi. Bu kabi muammolarni hal qilish, uy-joy buzilishida fuqarolarning norizoligiga sabab bo‘ladigan salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalasida senatorlar bilan birgalikda harakat qilishimiz, kerakli choralarni ko‘rishimiz zarur, deb hisoblayman», ─ deya Bosh vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid