O‘zbekiston | 21:11 / 24.08.2019
20935
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlari xodimlarining jinoyat sodir etishi ikki barobarga kamaydi

Boymatjon Rasulov /Foto: KUN.UZ

2019 yilning dastlabki olti oyi davomida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, ma'muriy huquqbuzarliklar va xizmat intizomini buzish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaydi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Boymatjon Rasulov yuqori palata yalpi majlisidagi ma'ruzasida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 77tadan 35taga, ichki ishlar organlaridagi faoliyati vaqtida jinoyat sodir etgan shaxslar soni 84tadan 41taga, ma'muriy huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yish holatlari 823tadan 616taga va xizmat intizomini buzgani uchun jazolanishi holatlari 3704tadan 3061taga kamaygan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Rasulov 2019 yilning birinchi yarmida ichki ishlar organlari tomonidan tergov qilingan jinoyat ishlaridan 18 tasi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sababli prokurorlar tomonidan qo‘shimcha tergovga qaytarilganini aytdi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida 4 tadan, Jizzax viloyatida 3 ta, Tergov departamenti va Samarqand viloyatida 2 tadan, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 1 tadan jinoyat ishi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun prokurorlar tomonidan qo‘shimcha tergovga qaytarilgan», – deb qayd etdi u.

Shuningdek, senatorga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov davomida noqonuniy ayblov e'lon qilinganligi sababli sudlar tomonidan 47 nafar shaxs oqlangan.

Mavzuga oid