Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru mamlakat armiyasiga Amazonka o‘rmonlaridagi yong‘inlarni o‘chirishda qatnashishni buyurdi.
«Armiyada xizmat qilgan vaqtimda Amazonka o‘rmonlarini sevishni o‘rganganman va ularni himoya qilishga yordam bermoqchiman», — dedi Bolsonaru televideniye orqali murojaatida. Bir oy muddat davom etadigan operatsiyaga 44 ming harbiyni jalb etish rejalashtirilgan. Zarurat tug‘ilsa, operatsiya uzoqroq davom etishi mumkin. Amazonka o‘rmonlarining 60 foizdan ortig‘i Braziliyada, 13 foizi Peru, 10 foizi Kolumbiya, qolgan qismi esa Janubiy Amerikaning qo‘shni davlatlarida joylashgan.

Amazoniya tropik o‘rmonlarini OAV ko‘pincha «sayyoraning o‘pkasi» deb atashadi, chunki ta'kidlanishicha, ular fotosintez jarayonida sayyoradagi kislorodning 20 foizga yaqinini ishlab chiqaradi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassis Jonatan Foli haqiqatda bu raqam 5 foizni tashkil etishini aytadi. Ammo Folining so‘zlariga qaraganda, Yer yuzidagi bioxilma-xillikning yarmiga yaqini tropik o‘rmonlarda, katta qismi esa aynan Amazoniyada joylashgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘rmonlar atmosferadagi is gazining 25 foizgachasini yutadi.
Ekologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan beri yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 82 foizga oshgan. Gap butun Braziliya hududidagi 79,5 mingta va Amazonka o‘rmonlaridagi 40 mingga yaqin yong‘in haqida ketmoqda.
O‘rmon yong‘inlari tabiiy ravishda yuz beradigan boshqa ekotizimlardan farqli o‘laroq, Amazonka o‘rmonlaridagi yong‘inlarning sababi faqatgina odamlar bo‘lishi mumkinligiga olimlarning ishonchi komil. Bu yerda gap xo‘jalik maqsadlarida o‘rmonlarga o‘t qo‘yilishi va uning boshqarib bo‘lmas yong‘inga aylanib ketishi haqida bormoqda.
The New York Times gazetasining yozishicha, Braziliya hukumati ko‘p yillar davomida Amazonka o‘rmonlarini himoya qilayotgan mamlakat imijiga ega bo‘lgan. Atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar budjeti oshirilgan, qo‘riqlanuvchi tabiat hududlaridan xo‘jalik maqsadlarida foydalanganlik uchun ko‘psonli jarimalar kiritilgan. Ammo 2014 yildan so‘ng Braziliya uzoq davom etuvchi iqtisodiy inqiroz ostida qoldi va saylovoldi kampaniyasida Bolsonaru iqtisodiyotni jonlantirishga va'da berdi – xususan o‘rmonlar egallagan yerlaran foydalanish hisobiga. 2019 yil yanvardan, u prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga ko‘p hudud o‘rmonlardan tozalandi.
















