O‘zbekiston | 11:56 / 26.08.2019
17263
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarda yangicha tartib joriy etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas'uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, vazirlik va idoralar ikki oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslar boshqaruv organlari yig‘ilishlarida:

korxona rahbarining mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini kiritish hamda uning faoliyati samaradorligi va natijadorligining asosiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlash;

mahsulotlar sotib olish bo‘yicha import shartnomalari (ularga qo‘shimcha shartnomalar) va ularning texnik talablarini korxona rahbarining mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot-texnologiyalari masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan kelishish;

xaridlar jarayoni shaffofligi va asosliligi, shu jumladan mahalliy mahsulotlarning sifat va narx bo‘yicha belgilangan parametrlarga muvofiqligini hisobga olgan holda import xaridlarini, shuningdek valuta resurslaridan samarali foydalanilishini har chorakda tashqi auditdan o‘tkazish mexanizmini joriy etish;

korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari natijadorligi yuzasidan rahbar va xodimlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar samaradorligidan kelib chiqib, ularni rag‘batlantirish yoki jazo choralarini ko‘rish maqsadida, boshqaruv organlari yig‘ilishlarida hisobotlarni tinglash amaliyotini joriy etish masalalarini ko‘rib chiqish;

korxonalarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturiy ta'minotlarni joriy qilish tashabbusi bilan chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda har yili yangilanib boriladigan mazkur qarorning 6-bandi talablari joriy etiladigan yuridik shaxslar ro‘yxatini shakllantiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid