10:30 / 27.08.2019
141060

Shifokorni yoqmoqchi bo‘lgan o‘g‘ilning onasi: «Do‘xtirlar bolamni shu holatgacha olib borishdi»

 21 avgust kuni Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilgandi.

 Hodisa ro‘y bergan kuniyoq Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi og‘ir bemor bo‘lgan ayolning o‘g‘li ortopediya va jarohatlar bo‘limi shifokori Bobur Shavkatovni bo‘g‘ib hushidan ketkazgach, stulga qo‘l-oyog‘ini bog‘lab ustidan benzin quyib yoqib yubormoqchi bo‘lgani, shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yishga uringani haqida ma'lumot bergan edi.

 Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquqbuzarning onasi sayt tahririyati bilan aloqaga chiqib, «o‘z aytar so‘zlari borligini ma'lum qilib, so‘zlarini tinglash»ni so‘radi.

 Bolam meni juda yaxshi ko‘radi...

Onaxonning oldiga bordik. Xonobod shahrining «Bunyodkor» mahallasida yashovchi Inobatxon aya uzoq yillar davomida o‘qituvchilik qilib nafaqaga chiqqan. Ayni paytda yura olmaydi. Tanasining belidan pastki qismi yaxshi ishlamas ekan. U 2004 yildan beri turli kasalliklarga chalinib, ular bilan olishib o‘tmoqda. O‘ti va qoratalog‘i operatsiya yo‘li bilan olib tashlashgan. 2010 yili churra (grija) olish bo‘yicha operatsiya stoliga yotgan.

«Yura olmay qolganimdan keyin o‘g‘lim meni turli joylarga olib borib tekshirtirish va davolash uchun qattiq harakat qila boshladi. Atrofda biz uchramagan neyroxirurg qolmadi, hisob.

Uzoq yillik kasalliklar va operatsiyalardan so‘ng 2017 yili yana belim uvishib, harakatlanishim qiyinlashgach, Andijon Tibbiyot instituti qoshidagi klinik shifoxonada davolandim. Shifokorlar bu kasallikni operatsiya qilib bo‘lmaydi deyishgandi. O‘sha paytlarda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Boburjon Shavkatovning dovrug‘i tarqayotgan ekan. Tavsiya qilishdi. Uchradik. U kishi «Sizga o‘xshagan bemorlarni operatsiya qilib yurgizib yuborganman. Hammasi yaxshi bo‘ladi», dedi. Belimdagi «grija»ni operatsiya qilishdi.

Bir tomondan olib qaraganda Boburjon meni to‘g‘ri operatsiya qilgan. Chunki, u operatsiya qilgan joyda ham churra (grija) bo‘lgan. Lekin, bu operatsiya mening kasalligimga to‘g‘ri kelmas edi. Abdurahimjon ismli vrach «o‘sha joydagi grija og‘riq beradi» dedi. Menga u «grija» og‘riq bermagan ekan. Belimdan pastim uvishib, oyog‘im yurmay qolgan. Uning aytishicha, uvishishga sabab ko‘krak qafasimning orqasidagi sariq suyuqlik orqa miyani qisib qolishi oqibatida bo‘lar ekan. Boburjon uvishish sariq suyuqlikdan emas, beldagi «grija»dan deb belimni operatsiya qilgan. Oqibatda operatsiya samara bermadi.

 Germaniyadan kelgan shifokor «Buni noto‘g‘ri operatsiya qilibdi, kanallarni tozalab bersin», dedi. O‘g‘lim Boburjonga uchrasa, u «Onangizni tezda olib keling, ta'tilga chiqib ketyapman. O‘sha shifokor aytganday operatsiya qilib, ko‘nglim xotirjam dam olaman» debdi. Bu orada Toshkentga bordik. Xususiy klinika shifokori pastdan, ya'ni beldan yana operatsiya qilish kerakligini aytdi. Shu klinikaning boshqa bir shifokori ko‘krak qafasini operatsiya qilish lozimligini bildirdi. Har xil tashxislardan o‘g‘limning boshi gangib qoldi.

 Oxiri, Boburjonning va'dasini olgach, ertasiga yo‘llanma bilan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga bordik. U kishi operatsiyada ekan. Kutib qoldik. Operatsiyadan chiqib, ishlari bilan yana bir joyga ketib qoldi. O‘g‘lim «Va'da bergandi. Nahotki, chiqib ko‘rib qo‘ymaydi?», deb siqila boshladi. Boburjon meni ko‘rishni Abdurahimjonga buyurib ketibdi. Uning ustiga Abdurahimjonning «bu kasallik umurtqadan emas, ko‘krak qafasidagi sariq suyuqlikdan», degani o‘g‘limning jahlini chiqarib yubordi. Chunki, Boburjon belimni operatsiya qildirmoqchi edi. Shu payt o‘g‘lim «men bozorchaga chiqib kelaman» deb chiqib ketdi. Keyin shu voqealar bo‘ldi.

Mudhish voqeaga eng asosiy sabab - shifokorlarning bilimsizligi, tashxisni to‘g‘ri qo‘ya olmagani va va'da berib menga e'tibor qilmaganida bo‘ldi. Mening kasalimni to‘liq o‘rganmay operatsiya qilib, o‘g‘limni ishontirib qo‘yib, menga vaqt ajratmaganidan shu holat kelib chiqdi. Turli tashxislarni, inson taqdiriga e'tiborsizlikni ko‘rgan bolam shok holatiga tushdi.

 O‘g‘limning qilgan ishini umuman oqlamayman. Bir insonning oyoq-qo‘lini bog‘lab, unga o‘t qo‘yib yuborish bu - jaholat, vahshiylik. Lekin, o‘g‘limni shu darajadagi yomon va gunoh ishga qo‘l urishiga sabab bo‘lgan jihatlar ham bor-ku? Vrachlarning loqaydligi, inson taqdiriga befarqligini ham hisobga olinglar, axir? Boshqarma bergan ma'lumotnomada «Boburjon Shavkatov bemorni ko‘ruvdan o‘tkazdi», deyilgan ekan. Aslida unday bo‘lmagan. Shuning uchun sizlarni chaqirdim.

 Bolam meni juda-juda yaxshi ko‘radi. Bolamning ruhiyati joyida, hech qanday kamchiligi yo‘q edi. Bir paytlar harbiy bo‘lgan. Ma'lum bir sabablarga ko‘ra, ishdan chiqib ketgan. Hozir chetga borib ishlab keladi. Nima qilay, juda yomon ish bo‘ldi», deydi ona.

MFY raisi nima deydi?

Biz bemorning o‘g‘li haqida to‘liq ma'lumot olish uchun u istiqomat qiladigan «Bunyodkor» MFY raisi Muhammadjon Ablazov bilan ham suhbatlashdik.

 Mahalla oqsoqoli bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha fikr bildirdi.

 «Taraqqiyot» ko‘chasida istiqomat qiluvchi oila va Fayzullo haqida shuni gapirishim mumkinki, u bu ishni qilganiga avval ishonmadim. Fayzullo chet elda qaysidir idoralarda «oxrannik» bo‘lib ishlab kelishini bilaman. Shuning uchun u mahallaning to‘y-ma'rakalarida kam bo‘ladi. O‘zi oilasi bilan yashamaydi. Onasiga bog‘lanib qolgan. Qiziqqon yigit.

Mahalladagilar ham bo‘lgan voqeani eshitib juda hayron qolishdi. Undan bu ishni kutishmagan edi-da. Biroq, uning qilmishi insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi va oqlab ham bo‘lmaydi», deydi u.

 Xulosa o‘rnida...

Shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchimizki, mazkur maqola orqali shifokorlarni qoraga chiqarib, jinoyatga qo‘l urgan odamni oqlash niyatimiz yo‘q.

 Biz qurayotgan huquqiy jamiyatda qonunlarni chetlab o‘tib insonni «samosud» qilishga, shaxsga nisbatan o‘zbilarmonlarcha chora ko‘rishga hech kimning haqqi yo‘q. Suiqasd qilish, birovning hayotini xavfga solish esa o‘ta qattiq jazolanishini barcha fuqarolar yaxshi bilishi kerak.

 Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lgan mazkur voqeadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p fikrlar yangradi. Biz esa jinoyatga qo‘l urgan yigitning onasining iltimosiga ko‘ra uning fikrlarini ham tingladik.  

 So‘nggi ikki yil davomida tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari ko‘paydi. Shifokorlik insoniyat uchun eng kerakli, pokiza kasb. Ularning daxlsizligi alohida qonunlar bilan himoyalanishi kerak.

 Biroq soha xodimlari orasida  bemorlarga bo‘lgan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishi zaruriyatga aylangan shifokorlar ham uchrab turadi...

 Kun.uz muxbiri, Elmurod Ermatov,
Tasvirchi, Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top