Yoshlar ittifoqining yoshlar bandligiga erishish uchun ishlab chiqilgan loyihalari natija beryaptimi?
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini boshlagandan so‘ng yoshlar bilan bog‘liq eng muhim masalalarni belgilab olgan holda muammolarga yechim topish yo‘lidan bordi. Yoshlar bandligini ta'minlash ana shunday dolzarb masalalardan biri edi. Turli loyihalar, uzoqni ko‘zlab qilingan chora-tadbirlar natijasi bugun anchagina sezildi.
Buni yoshlar bandligini ta'minlash borasida olib borilgan ishlarni tahlil qilgan holda anglab yetish qiyin emas. Ittifoq tashkil topgan 2017 yilning o‘zida 28 760 nafar yoshlar ish bilan ta'minlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 46 062 nafarga yetgan.
2018 yil davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bandlik masalasini tizimli hal qilish maqsadida respublika bo‘yicha 30 yoshgacha bo‘lgan 687 564 nafar ishsiz yoshlarning ro‘yxatini shakllantirdi. Shunga ko‘ra, 2019 yilga mo‘ljallangan manzilli reja tasdiqlandi.
2019 yilning o‘tgan 6 oyi davomida esa 109 578 nafar yoshlarni ish bilan ta'minlashga erishildi. Ushbu ko‘rsatkichdan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan ikki yilga nisbatan joriy yilning 6 oyi mobaynida 34 756 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta'minlangan.
Yoshlar ittifoqi yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha bir qator yangi loyihalar ham ishlab chiqdi. Ustoz-shogird an'anasiga ko‘ra, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish, mehnat yarmarkalari tashkil qilish bilan ish topa olmayotgan yoshlarga yordam berish, "Har bir yoshga bir gektar" loyihasi orqali yoshlarni fermerlarga biriktirish hamda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida bandligini ta'minlash, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi va “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlar orqali yaratilgan yangi ish o‘rinlariga joylashtirish bu boradagi salmoqli ishlardan sanaladi.
Yoshlar bandligini ta'minlashning yana bir ilg‘or tajribasi sifatida 190 ta kasb-hunar kollejlari negizida “Yoshlar markazlari” tashkil etilib, 26 yo‘nalishdagi til va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha 2 628 ta bepul to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida e'tirof etish kerak.
Shuningdek, xorijga ishlashga ketish istagida bo‘lgan yoshlar uchun rus tili, ingliz tili va xorijiy davlatlarning mehnat qonunchiligi bo‘yicha 209 ta bepul to‘garaklar tashkil etildi. 2018 yilda ushbu to‘garaklarga jami 17 497 nafar yoshlar qatnashgan bo‘lsa, 2019 yilda 7 410 nafar yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar tomonidan 2017 - 2019 yillar mobaynida an'anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Ta'lim va mutaxassislik” xalqaro ko‘rgazmasi ham yoshlarni mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishlarini davom ettirish, xorijiy universitetlar vakillaridan konsultatsiyalar olishda muhim jarayonga aylandi.
Prezidentimiz "Xalqimiz yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni o‘z hayotida ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun sezishi kerak" deganda, bandlik masalasini ham e'tibordan chetda qoldirmagan edi. Chunki doimiy ish bilan mashg‘ul yoshning bekorchi narsalarga sarflanadigan vaqti bo‘lmaydi, sevimli kasb egasining ertangi kunidan ko‘ngli to‘q, ruhi esa baland bo‘lishi, tabiiy. Eng asosiysi, u maqsad bilan yashaydi.
Haqiqatan, yangi ishga kirgan yoshning quvonchi boshqacha bo‘ladi. Uning hayotga mustaqil odimlari mustaqil faoliyat boshlashida ko‘rinadi. Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan loyihalar doirasida o‘z ishini topgan, hunarli bo‘lgan, o‘z kasbining mutaxassisi sifatida faoliyat boshlagan, turli sohalarda kimlargadir nafi tegayotgan yoshlar bitta bo‘lsa ham, mingta bo‘lsa ham jamiyat uchun arzigulik muvaffaqiyat hisoblanadi.
Chunki yoshlarning bandligini ta'minlash bilan mamlakat rivojiga hissa qo‘shayotganlarning safini kengaytirishga erishish mumkin.
Go‘zal Oxunova
Mavzuga oid
12:54 / 19.06.2024
Jizzaxda odam o‘limiga sabab bo‘lgan talaba Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida sud zalidan ozod qilindi
18:15 / 08.11.2021
Yoshlar ittifoqi hududiy sektor yoshlari va rahbarlari ishtirokida kitobxonlik tanlovi o‘tkazadi
16:00 / 19.04.2021
Yoshlar ittifoqi rahbariyatida lavozim o‘zgarishlari amalga oshirildi
08:09 / 07.04.2021