O‘zbekiston | 19:21 / 28.08.2019
12034
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonni 2030 yilgacha o‘rtadan yuqori davlatlar safiga kirituvchi konsepsiya ishlab chiqildi - Vazir o‘rinbosari

Iqtisodiyot va sanoat vazirligida «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi» doirasida xalqaro ekspertlar va tegishli vazirliklar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu davra suhbatida Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Jasur Aripovning ta'kidlashicha, uzoq muddatli barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning 5ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha «Harakatlar strategiyasi»ning mantiqiy davomi sifatida «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi» ishlab chiqilgan.

«Birlashgan Arab Amirliklari,  BMT, BMT taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muhokamalari o‘tkazilib, ularning taklif va tavsiyalari asosida konsepsiya takomillashtirilib, 2030 yilgacha O‘zbekistonni o‘rtadan yuqori davlatlar safiga kiritishning aniq yo‘nalishlari belgilab olingan», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, konsepsiya doirasida qilinadigan asosiy ishlar dasturi belgilab olingan:

  • makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash;
  • bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish;
  • fuqarolarning ijtimoiy himoyasi va xizmatini mustahkamlash, demografik omilning o‘sishini samarali iqtisodiy o‘sishga aylantirish,
  • kuchli bozor iqtisodiyotida davlatning rolini takomillashtirish;
  • mintaqaviy omildan samarali foydalanish;
  • iqtisodiy o‘sish va tarkibiy o‘zgarishlarni ta'minlashda aniq maqsadli investitsiya siyosatini olib borish;
  • atrof-muhitdan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • Konsepsiya inson kapitalini rivojlantirishning yangi modeli, natijaga asoslangan investitsiya siyosati va hududlar potensialidan samarali foydalanishni maqsad qilgan.

Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi»   doirasida berilgan ma'lumotlarga qaraganda, 2030 yilda O‘zbekiston aholisi 39 millionga yetishi taxmin qilinmoqda.

Agar ushbu hujjat amalga oshirilsa, 2018 yilda 14,3 foiz deya qayd etilgan inflatsiya ko‘rsatkichi 2030 yilda 4,3 foizga tushishi, mamlakatga keluvchi turistik oqim 4,8 milliondan 7,2 millionga oshishi, aholi jon boshiga daromad, xizmat ko‘rsatish, qurilish va sanoat sohalarida rivojlanish kuzatilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, konsepsiya samarali ijtimoiy himoya mexanizmini joriy etishni ham ko‘zda tutadi. Bu pensiya islohotlari, ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish, ijtimoiy sug‘urta joriy qilish va ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash kabilarni qamrab oladi.

Iqtisodiyot va biznesda davlat rolini kamaytirish, davlat-xususiy sherikligini kuchaytirish, mahalliy hukumatlarning rolini oshirishga ham alohida e'tibor qaratadi.

Konsepsiyada sanoatni rivojlantirish masalasiga ham urg‘u berilgan. Farmatsevtika, kimyo sanoati, yoqilg‘i va energitika, mashinalar va metallurgiya sanoati, yengil sanoat, qurilish materiallari, oziq-ovqat va ichimlik ishlab chiqarishni, ularning samaradorligini oshirish reja qilinmoqda.

Yuqoridagi maqsadlar 2030 yilgacha rejalashtirilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston sharoitida bularning ayrimlariga ertaroq – 4-5 yilda ham erishish imkoni bo‘lishi mumkinligi ham ta'kidlandi. 

Mavzuga oid

E`lonlar