O‘zbekiston | 10:44 / 31.08.2019
8510
6 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakili to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Markaziy saylov komissiyasining siyosiy partiyalarning vakolatli vakili to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiya a'zosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh bo‘lgan har qanday O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi siyosiy partiyaning vakolatli vakili bo‘lishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e'lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda unga tegishli hujjatlarni (murojaatnoma, nomzodning pasport nusxasi, 2 dona 3 x 4 hajmdagi fotosurati) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va belgilangan shaklda unga guvohnoma (mandat)ni beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan e'tiboran o‘z vakolatli vakillarini tayinlaydi.
 
Siyosiy partiyaning hududiy organi rahbari saylovga kamida o‘n besh kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxatini (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda) taqdim etadi.

Bunda ariza:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida vakolatli vakillar ro‘yxatini Prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

mahalliy kengashlarga saylov bo‘yicha Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati saylovi hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) deputatligiga saylovlar bir vaqtda o‘tkazilganida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Arizaga vakolatli vakillikka nomzodning pasport nusxasi, 2 dona 3 x 4 hajmdagi fotosurati ilova qilinadi.

Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari ro‘yxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga belgilangan shaklda guvohnoma (mandat) beradi.

Guvohnoma (mandat)da siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan farqlash uchun alohida belgilar (rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.

Quyidagi hollarda vakolatli vakilga guvohnoma (mandat) berish rad etilishi mumkin:

nomzod 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa;

saylovga o‘n besh kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa;

tegishli saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyadan nomzod ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa (siyosiy partiyaning kuzatuvchilari uchun);

ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa.

Siyosiy partiya saylovga qadar istagan vaqtda tegishli saylov komissiyasini yozma ravishda xabardor qilgan holda vakolatli vakilni vakolatidan mahrum qilishi mumkin. Bunday hollarda saylov komissiyasi vakolatli vakilni ro‘yxatdan chiqaradi va unga berilgan guvohnoma (mandat)ni bekor qiladi.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili:

saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan to‘plangan imzo varaqlarini topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga;

uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili takroriy ovoz berish paytida ham saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi mumkin.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining guvohnomasi (mandati)ni o‘z yonida olib yurishi shart.

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili:

agar saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish jarayonida qonun hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblasa, bu haqda ushbu uchastka saylov komissiyasi a'zolariga ma'lum qiladi;

uchastka saylov komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda yuqori saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

Siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e'lon qilingan kundan e'tiboran tugagan hisoblanadi.

Mavzuga oid