Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritilayotgan davrdagi istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqli ekani belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritilayotgan davrda istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta'minlanadigan real imkoniyatlar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi. Bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganini tasdiqlaydi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, qonunda belgilangan shaxslar bilan bir qatorda, uning yaqin qarindoshlaridan biri yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxs ishda qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Voyaga yetmaganning qonuniy vakili o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o‘tkaziladigan barcha protsessual harakatlarda qatnashadi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining bir qator moddalari to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllarini, shuningdek, ular sodir etilishiga sabab bo‘luvchi omillar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘radi. Davlat ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka uchragan bolalarga zarur pedagogik, psixologik, tibbiy, yuridik yordam ko‘rsatish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, Jinoyat protsessining ishtirokchisi hisoblangan bola huquqlarini himoya qilish kafolatlari ham mustahkamlanmoqda. Ushbu moddaga asosan, davlat sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasining hamma bosqichlarida bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan barcha protsessual huquqlariga rioya etish hamda ular kafolatlarini ta'minlash choralarini ko‘radi. Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta'sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berish yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanadi.
Sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillari ishtirokisiz protsessual harakatlar o‘tkazish taqiqlanadi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmaganga nisbatan protsessual harakatlar uning katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki boshqa vakili ishtirokida o‘tkazilishi mumkin.
Bolalar jinoyatchiligi to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachi ishtiroki majburiy hisoblanadi. Bola va uning qonuniy vakillarining himoyachidan voz kechishi haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:49 / 20.06.2024
Mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
13:23 / 09.04.2024
Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi
15:29 / 27.02.2024