10:26 / 06.09.2019
0
5785

Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri tashkil etilmoqda

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek milliy maqom san'ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbek milliy maqom san'ati markazi va Farg‘ona viloyati hokimligining:

Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi huzuridagi namunali maqom ansambli negizida O‘zbek milliy maqom san'ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrini davlat muassasasi shaklida tashkil etish;

Marg‘ilon shahar, Burhoniddin Marg‘iloniy ko‘chasi, 45-uy manzilida joylashgan binoni tegishli hududi bilan birgalikda maqom teatriga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar maqom teatrining asosiy vazifalari etib belgilandi:

badiiy jihatdan yuksak asarlarni sahnalashtirish, teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlari orqali maqom san'atini targ‘ib qilish, shuningdek, qiziqchilik va askiya san'atining sahnaviy syujyetlarini rivojlantirish va takomillashtirish, yuqori malakali maqom va teatr san'ati ijodkorlarining imkoniyatlarini namoyish etish;

maqom ijrochiligi yo‘nalishida ustoz-shogird an'analarini rivojlantirish, iste'dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashish, aktyorlik mahorati va maqom san'ati ijrochiligi bo‘yicha maqom, teatr va san'at muassasalarining ijodiy xodimlari hamda oliy ta'lim muassasalari talabalarining maqom teatri yo‘nalishida amaliyot o‘tashlarini tashkil etish;

xorijiy davlat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish, chet eldan malakali mutaxassislarni jalb etgan holda trening, mahorat darslari, maqom teatri san'ati bilan bog‘liq o‘quv-tajriba mashg‘ulotlari hamda maxsus loyihalarni amalga oshirish;

mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, ko‘rik-tanlov, maqom kechalari, uchrashuvlar, ijodiy kechalar, qiziqchilik va askiya tomoshalari hamda boshqa tomosha tadbirlarini tashkil etish.

O‘zbek milliy maqom san'ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasining shtatlari tasdiqlandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top