O‘zbekiston | 16:09 / 07.09.2019
7194
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar faoliyatida tekshirish tartibini buzgan nazorat organ xodimlari ma'muriy huquqbuzarlikda aybli deb topildi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 martdagi PF-5690-sonli farmoniga asosan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatidagi barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali Biznes-ombudsman bilan kelishilib, ularni o‘tkazilishining qonuniyligi doimiy tarzda nazorat qilib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlari tomonidan Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda bir necha tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarning belgilangan tartibini buzish holatlari aniqlandi.

Xususan, qo‘mitaning 2 nafar xodimi tadbirkorlik sub'yektida tekshiruv o‘tkazishga vakolati bo‘lmasdan turib “Nokis vinzavod” AJ, “Xojyeli gerbish zavod” MChJ va “Yevro Beton” MChJlarda tekshiruv o‘tkazgan.

Shuningdek, qo‘mita xodimlari tomonidan tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonida belgilangan muddatlarga rioya etilmaganligi va tekshiruv bilan bog‘liq hujjatlar tegishli tartibda tadbirkorlarga taqdim etilmaganligi holatlari aniqlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan besh nafar qo‘mita xodimlariga nisbatan amaldagi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2-moddasida nazarda tutilgan qoidabuzarlik bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga topshirildi.

Natijada, Nukus shahar ma'muriy sudi tomonidan yuqoridagi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazgan 5 nafar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlari tadbirkorlik sub'yekti faoliyatida tekshirish tartibini buzishda aybli deb topildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid