Murojaatlar ortidan navbatdagi safarimiz Andijon viloyati Buloqboshi tuman markazi, Mirzakalon Ismoiliy MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar tomon bo‘ldi.
Kun.uz pochtasiga kelgan arznomada fuqarolar mavjud muammo haqida juda ko‘p joyga chiqishgani, lekin tuman mutasaddilari hech qanday chora ko‘rmayotgani aytilgan. Mirzakalon Ismoiliy MFY hududidagi yonma-yon joylashgan uchta ko‘p qavatli uylar - 14, 15 va 16-uylarga borib, holat haqiqatda achinarli ekaniga guvoh bo‘ldik. 48 xonadonga ega uchala uy «P» shaklida bo‘lib, o‘rtadagi keng hovlida bir vaqtlar bolalar maydonchasi, mashinalar uchun garajlar, umumiy hojatxona va dam olish joylari bo‘lgan.

Tuman hokimligi «qirq yillar oldin bunyod etilgan uylarning oldidagi hovli va uylar ta'mirtalab holga keldi. Obodonlashtiramiz», degan va «Obod qishloq» loyihasi asosida zamonaviy holatga keltirish rejasini tuzgan.
Barcha g‘alva shundan boshlangan.
«Ta'mirlash»ning boshlanishi va yuzaga kelgan muammolar
«Ezgu ishlar»dan maqsad uylarga kirishdagi arkani va garajlarni buzib, hovlida obodonlashtirish ishlarini olib borish, daraxtlarni kesish hamda kredit asosida uylar tomi, yo‘laklar va oldi fasadni ta'mirlashdan iborat edi.
Oradan bir yil o‘tib, barcha ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.
«Bizga, 2018 yil mart oyi boshida hokimiyat va bank xodimlari kelib uylarimiz «Obod qishloq» dasturiga kiritilganini aytishdi. Shu bilan birga, aholi vakillari shirkat tanlash huquqiga ega emasligi, tender o‘tkazish shunchaki rasmiyatchilik bo‘lishi, shirkatlar majburiy holatda hokimiyat tomonidan tasdiqlanishi ta'kidlandi. Aholining xohish va e'tirozi umuman inobatga olinmadi.
Biz bu yangilikdan boxabar bo‘lganimizda, shirkatlar ham, ta'mirlash uchun ketadigan mablag‘, hattoki, uylarning dizayni ham hokimiyatning maxsus shirkati tomonidan allaqachon belgilab bo‘lingan ekan. Uylar oldidagi boshqa muammolar hal etilishini talab etganimizda, bularning hammasi, ta'mirlashdan tashqari, hokimiyat tomonidan bepul amalga oshirilishini bot-bot ta'kidlashdi. Chunki, bizning uylar kanalizatsiyasi ishlamasligi, ichimlik suvi, chiqindilar uchun maxsus moslamalar yo‘qligi aholini qiynab kelmoqda edi», deydi Murodjon ota Teshaboyev.


























