9 noyabr kuni Andijon viloyati Şahrixon tumani Boboçek mahallasida profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev mast holatda maşina boşqarib, yölning qarama-qarşi tomoniga çiqib ketgan va skuterda kelayotgan ikki kişini urib yuborgan. Jabrlanuvçilar hamon reanimatsiyada qolmoqda. Viloyat IIB Sotvoldiyev voqeadan ikki kun oldin işdan böşatilganini aytmoqda.

Kun.uz suhbatlaşgan voqea guvohlariga köra, 35 yoşli Muhriddin Hamdamov 9 noyabr kuni öz işini yakunlab uyiga qaytayotganda köçada qöşnisi 53 yoşli Masxobiddin Jabborovni körib qoladi va ular skuterda birgalaşib uylari tomon yölga çiqişadi.

Yöl davomida ularni Maslahattepa mahallasi profilaktika inspektori A’zam Sotvoldiyev Nexia 3 avtomaşinasida mast holatda urib ketgan. U yölning qarama-qarşi tomoniga çiqib ketib, qarşisidagi skuterga urilib, uni bir neça metrgaça sudrab ketgani aytilyapti.

Andijon viloyati IIBga köra, profilaktika inspektori 2025 yil 7 noyabrda, ya’ni voqeadan ikki kun oldin içki işlar organlari tizimidan qurolli kuçlar zaxirasiga böşatilgan.

Kun.uz muxbiri Şahrixonda bölib hodisa tafsilotlarini örgandi.

Muhriddin Hamdamov:

“Öşa kuni skuterda ketayotgan edik. Heç qança yurmasimizdan, röparamizdan bizga qarab maşina kelayotganini kördim. Öşa maşina bizga kelib urildi. Özining yölidan emas, bizning yölimizdan yurib keldi. Xuşimga kelganimda urib yuborgan maşinadan 30-40 metr uzoqda edim, şekilli. Skuterda qöşnimni surib olib ketgan ekan.

Özimga kelganimda atrofda töplangan odamlar uçastkavoy içib olibdi, oyoğida zörğa turibdi, deyişdi. Haqiqatan ham uçastkavoy maşinasining oldida nima bölganini özi ham anglolmay, gapirayotgan gapini ham bilmay turgan edi”, deydi jabrlanuvçi Muhriddin Hamdamov.

Muhriddin Hamdamovning akasi: “Moddiy tomondan heç kim yordam bermayapti”

“9 noyabr kuni ukangizni maşina bosib ketdi, degan xabar keldi. Zudlik bilan şifoxonaga yetib bordim. Ukamning holati oğir ekan, darhol reanimatsiyaga bölimiga olib kirişdi. Qöşnimiz Masxobiddin aka skuterni boşqarib ketayotgan ekan, orqasida ukam bölgan. Uçastkavoy A’zam Sotvoldiyev mast holatda Nexia 3 maşinasida yölning qarama-qarşi tomoniga çiqib ketib skuterga kelib urgan. Guvohlarning aytişiça, uçastkavoy skuterdagi qöşni aka va ukamni 15 metrdan oşiq masofagaça sudrab borib, oğir avtoavariya holatini sodir qilgan. Buning orqasidan ukam va qöşnimiz şu kungaça Şahrixon tumanining reanimatsiya bölimida davolanyapti.

Masxobiddin Jabborov
Muhriddin Hamdamov

Masxobiddin akaning boşi oçilib ketib, koma holatida yotibdi, öziga kelgani yöq. Ukam Muhriddin Hamdamovning yettita qovurğasi singan, boş suyagi darz ketgan.

Dori-darmonni şu kungaça özim pulimga sotib olib çiqib beryapman. Moddiy tomondan heç kim yordam bermayapti. Öşa kuni uçastkavoy oyoqda tura olmaydigan darajada mast bölgan”, deydi jabrlanuvçi Muhriddin Hamdamovning akasi Husniddin Hamdamov.

Husniddin Hamdamov, jabrlanuvçi Muhriddin Hamdamovning akasi

Masxobiddinni Jabborovning rafiqasi: “Uçastkavoy öşa kuni formada bölgan”

“9 noyabr kuni turmuş örtoğim Masxobiddinni Jabborov işdan kelayotgan paytda “Maslahattepa” MFY uçastka noziri mast holatda maşina boşqarib, avtohalokatga uçratgan. Miyasini paçoqlab yuborgan. Körsangiz qörqadigan darajada edi. Turmuş örtoğimning holati öta oğir. Töqqiz kundan beri kutib ötiribmiz, öziga kelgani yöq. Bizga heç qanday bir najot yöq. Boquvçimni yöqotyapman. Tinçligimizni ta’minlaydigan xodimning özi birovning yostiğini quritib yuraversa? Xodim formada içib yurişi töğrimi?

Viloyat içki işlar boşqarmasi rasmiy bayonot bildiryapti, profilaktika inspektori faqat bir kişini urib yuborgan deb. 9 noyabr kuni keçqurun formadagi odam qanday qilib 7 noyabr kuni işdan böşatiladi? Formada turibdi-yu.

Bizga moddiy yordam berilmayapti. Urib yuborgan uçastkavoyning qayerdaligini bilmaymiz”, deydi jabrlanuvçi Masxobiddin Jabborovning turmuş örtoği Gulbahor Rahmatullayeva.

Gulbahor Rahmatullayeva, jabrlanuvçi Masxobiddin Jabborovning turmuş örtoği

Muhriddin Hamdamovning onasi: “Şifokorlar yana ikki marta operatsiya böladi deyişyapti”

“Öğlimning yettita qovurğasi, ömrov suyagi singan. Şifokorlar yana ikki martadan operatsiya böladi deyişyapti. Içki işlar xodimi nima uçun mast holatda maşina boşqaradi? Qilmişiga yaraşa qonuniy jazo berilsin. 9 noyabr kuni avariya qilgan bölsa, ikki kun oldin xodimni işdan çiqdi, formani yeçdi, deb rasmiy xabar çiqyapti. U kuni formani yeçgan, işdan çiqqan bölsa, içki işlar xodimining formasida bökib içib avariya qilganini körganlar qança? Nahotki buni yaşirişayotgan bölsa? Nimaga yaşiradi? Javob bersin”, – deydi jabrlanuvçi Muhriddin Hamdamovning onasi Dilfuzaxon Rahimova.

Dilfuzaxon Rahimova, jabrlanuvçi Muhriddin Hamdamovning onasi.

Şifokor: Jabrlanuvçilardan birining ahvoli oğir, ikkinçisiniki qoniqarli

“9 noyabr kuni soat 19:40 larda bölimimizga avtoavariya bilan ikki bemor keldi. Bemorlarimizning birinçisi Muhriddin Hamdamov 1990 yil tuğilgan. Unga qovurğaning yopiq sinişi taşxisi qöyildi, bugungi holati qoniqarli.

Ikkinçi bemorimiz Masxobiddin Jabborov 1972 yil. Unga boş miya asosining sinişi, lat yeyişi, şişişi taşxisi qöyilgan. Hozirgi kunda koma holatda, koma tört deymiz. Sun’iy nafasga ulangan. Hozirgi kundagi ahvoli oğir”, deydi reanimatsiya-anesteziologiya bölimi mudiri Muzaffar Möminov.

Muzaffar Möminov, reanimatsiya-anesteziologiya bölimi mudiri

Ayni paytda holat böyiça Şahrixon tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekşiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz