Ikkinchi Jahon urushi boshlanganiga ham 80 yil to‘ldi. Ayni shu kunlari tug‘ilganlarning ham aksariyati olamdan o‘tib ketishdi. Bu mash'um urush qatnashchilari esa sanoqli qolgan. Ko‘hna Qit'a – Yevropada bu urush tashkilotchilari ham, mazlumlari ham bu sanani mutlaqo unutmaydilar. Ayniqsa joriy yil bu sana aksariyat davlat rahbarlari ishtirokida, yuzlab OAV vakillari ko‘z o‘ngida nishonlandi.

Bu jurnalistlar orasida O‘zbekiston vakillari ham bor edilar. Polsha davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi va bevosita homiyligida bo‘lib o‘tgan bu safar chindan ham mazmunli bo‘ldi.

Savol tug‘iladi, nega aynan Polsha?

Gap shundaki, ikkinchi jahon urushining dastlabki uchquni ham, eng og‘ir janglari ham, eng ko‘p qurbonlar berish ham aynan shu davlatda kechgan. Polsha hududining har bir qarichi tarixni muhrlab olgan. Bu davlatdagi bepoyon qabristonlarda yotgan jangchilarning, mangu qo‘nim topgan askarlarning aniq sonini hech kim bilmaydi.

“So‘nggi askar shaxsi aniqlanib, hurmat bilan dafn etilmaguncha urush davom etaveradi” degan naql bor. Mana, 70 yildirki Polshada bu masalaga jiddiy qaraladi. Har yili muntazam tarzda “Noma'lum askar qabri” deya nomlanuvchi qabristonlar bo‘ylab  tadqiqotlar o‘tkaziladi, askarlar shaxsi aniqlansa, ularning yaqinlari izlanadi. Rasmiy va tasdig‘ini topgan ma'lumotlarga qaraganda Polsha hududida sobiq ittifoqning 600 ming nafardan ortiq askarlari tuproqqa qo‘yilgan, ammo hali tasdig‘ini topib ulgurmagan ma'lumotlar bu raqamning 1,2 mln kishiga yetishini ko‘rsatadi. Albatta, tuproqqa qo‘yilgan, degan gap ozroq mubolag‘ali. Sababi urush taloto‘plari paytida askar jasadini qaysidir rasm-rusumga muvofiq dafn etish katta ish sanalgan. Ko‘p hollarda bunga imkon ham, vaqt ham bo‘lmagan. Nobud bo‘lgan askarlar to‘dalanib, umumiy chuqurlarda dafn qilingan va biror belgi qo‘yib ketilavergan. Yoki jon bergan jangchi shunchaki tabiiy tarzda yerga qorishib ketgan...