Sport | 20:58 / 16.09.2019
21517
2 daqiqa o‘qiladi

Oksana Chusovitina Parijdagi musobaqada g‘olib bo‘ldi

O‘zbek sporti faxriysi, 44 yoshli Oksana Chusovitina Parijda o‘tgan FIG World Challenge Cup seriyasi musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Chusovitina tayanib sakrashda 14.300 ochko bilan birinchi bo‘ldi. Faxriy gimnastikachi oltin medal uchun kurashda vengriyalik Saru Peter va chililik Franchesku Santini ortda qoldirdi. Yana bir sportchimiz Indira O‘lmasova shu yo‘nalishda 8-o‘rinni egalladi.

Chusovitina FIG World Challenge seriyasi va Jahon kubogi bosqichlari doirasida ushbu mavsumdagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi. Avvalroq Oksana Avstraliya, Xitoy va Ozarboyjondagi musobaqalarda 2-o‘rinni egallagandi. 

Seriyaning keyingi bosqichi Portugaliyaning Gimaraysh shahrida 21-24 noyabr, Jahon kubogi bosqichi esa Germaniyaning Kottbus shahrida 19-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Gimnastika bo‘yicha 2019 yilgi jahon chempionati esa 4-13 oktabr kunlari Shtutgartda o‘tkaziladi.      

Nomdor sportchimiz gimnastika tarixida 7 ta yozgi Olimpiadada (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016 yillar) ishtirok etgan dunyodagi yagona inson hisoblanadi. 2017 yil mayida Xalqaro Gimnastika sharaf zaliga kiritilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid