O‘zbekiston | 10:20 / 17.09.2019
4021
4 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik muhokamasi qonun loyihasini takomillashtirishda qanday o‘rin tutyapti?

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 16 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasi tomonidan birinchi o‘qishda konseptual ma'qullanib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni qizg‘in davom etmoqda.

Qonun loyihasi BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini implementatsiya qilishni va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasida Farmondan kelib chiqadigan vazifalarni qamrab olingani ta'kidlandi. Loyiha bilan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni hamda ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash masalalari takomillashtirilmoqda.

Deputatlarning fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash sohasidagi umume'tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish muhim masalalardan biridir. Shundan kelib chiqib, loyihada tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi hamda sifatini oshirish, reabilitatsiyaning zamonaviy uslublarini kiritish belgilangan. Shu bilan birga, ularni yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy-ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalalari kiritilayotgani keng muhokama qilindi.

Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida hisobga olishning samarali mexanizmlarini yaratish, nogironlikning belgilari paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab, ularni kuzatib borish va qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush sharoitlarini har tomonlama baholash, individual rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishning majburiyligi belgilanmoqda. Shuningdek, o‘z vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi yagona kompleks tizimini joriy etish qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning manzilli ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularning uy joy-maishiy va boshqa yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy xizmat hamda moddiy yordamni kengaytirish, ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shu jumladan, sifatli yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi moddalar kiritilmoqda.

Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularga to‘siqsiz muhit yaratish, yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish, uy-joy, ta'lim va kasbiy mahoratini oshirishga bo‘lgan huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qoidalar nafaqat imkoniyati cheklangan shaxslar, balki, jamiyat uchun ham foydali ekani ta'kidlandi.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinib, mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mavzuga oid